O‘zbekiston Superligasida 21-tur bahslariga start berildi. Turning dastlabki kunida uchta uchrashuv o‘tkazilib, "Neftchi", "Paxtakor" va "Nasaf" navbatdagi uch ochkosini qo‘lga kiritdi.
"Paxtakor" safarda OKMKni 3:1 hisobida mag‘lub etdi. "Neftchi" Farg‘onada "Surxon"dan 2:1 ustun kelgan bo‘lsa, "Nasaf" o‘z maydonida "Bunyodkor" darvozasiga javobsiz uchta gol urdi — 3:0.
Shu natijalardan keyin "Neftchi" 48 ochko bilan turnir jadvali peshqadamligini saqlab qoldi. "Paxtakor" 46 ochko bilan ikkinchi o‘rinda va farg‘onaliklardan atigi ikki ochko ortda bormoqda.
Hozircha uchinchi pog‘onani 20 ta o‘yindan keyin 38 ochko jamg‘argan "Navbahor" egallab turibdi. "Buxoro" 34, OKMK va "Lokomotiv" esa 32 ochkodan to‘plagan. "Nasaf" 21-turdagi g‘alabadan keyin ochkolari sonini 31 taga yetkazib, 7-o‘ringa ko‘tarildi.
21-tur 10 sentyabr kuni "Dinamo" — "Qizilqum", "Andijon" — "Qo‘qon-1912" va "Xorazm" — "So‘g‘diyona" uchrashuvlari bilan davom etadi. 11 sentyabr kuni esa "Lokomotiv" — "Mash’al" hamda "Buxoro" — "Navbahor" bahslari turga yakun yasaydi.