Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat energetika ob’ektlari va don eksporti logistikasiga qilingan hujumlar masalasida Rossiya bilan murosaga kelishga tayyor ekanini bildirdi.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, energetika va don eksporti nafaqat Ukraina va Rossiya, balki butun dunyo uchun muhim masala hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu sohalardagi vaziyat Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Misr va Osiyoning boshqa davlatlari manfaatlariga ham ta’sir qiladi.
«Biz bu yerda murosaga kelishga tayyormiz. Hozir Rossiya va Ukraina chora ko‘rishi kerak bo‘lgan vaziyatdamiz. Faqat Ukrainadan murosa kutish mumkin emas. Ukraina allaqachon ko‘p narsaga rozi bo‘lgan. Shuning uchun kelishuvlarga erishish uchun Moskvadan ham o‘zaro qadamlar talab etiladi», — dedi Ukraina prezidenti.
Zelenskiyning aytishicha, Rossiya va Ukraina energetika hamda don eksporti bilan bog‘liq hujumlarni cheklash bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishishi zarur.
3 sentyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Ukraina mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish imkoniyati borligini bildirgan. Biroq u tinchlik jarayoniga savdo kemalariga qilingan hujumlar va Ukraina tomonidan fuqarolik samolyotlariga hujum qilish tahdidlari to‘sqinlik qilayotganini aytgan.