Pul evaziga Koreya davlatiga ishga yuborish bilan shug‘ullangan Migrasiya agentligi xodimlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Noqonuniy migrasiyaga qarshi kurashish va fuqarolarimizning xorijda qiyin sharoitlarga tushib qolishlarining oldini olish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Xususan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migrasiya agentligining Namangan viloyati filiali bosh mutaxassisi xizmat mavqeidan foydalangan holda, aldov yo‘li bilan bir guruh fuqarolarning ishonchiga kirib, ularni Janubiy Koreya davlatiga ishga yuborish evaziga 41 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u mazkur noqonuniy faoliyatni Migrasiya agentligi markaziy apparatining bosh mutaxassisi bilan birgalikda amalga oshirishi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi va Agentlikning ushbu mas’ul xodimi ham yuqoridagi pul mablag‘idan 15 ming AQSh dollarini olgan vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Shuningdek, Migrasiya agentligining mazkur xodimlari 2024 yilda 80 nafardan ortiq fuqarolarni Koreya davlatiga yuborish uchun 700 ming AQSh dollaridan ortiq pul mablag‘larini olib, hozirga qadar ularni sarson qilib yurganliklari ma’lum bo‘ldi.
Holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 168 va 28,211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, mazkur jinoiy guruhning qolgan a’zolarini aniqlash va ularni tergovga jalb qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.