Meta o‘z platformalarining psixologik zarari haqidagi ma’lumotlarni ommaga oshkor qilmay, yashirgan. Bu haqda Reuters agentligiga tayanib, 24 kg xabar berdi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Facebook va Instagramga egalik qiluvchi kompaniya ushbu platformalar foydalanuvchilarga psixologik zarar yetkazishini isbotlovchi tadqiqotni to‘xtatdi.
Reuters AQSh maktab okruglari va Meta o‘rtasidagi ijtimoiy tarmoqlarning o‘smirlarga zarari haqidagi sud jarayonida taqdim etilgan hujjatlarga ishora qiladi.
Hujjatlarga ko‘ra, Meta 2020 yilda Project Mercury deb nomlangan tadqiqot loyihasini tashkil qilgan. Loyiha doirasida Facebook foydalanuvchilaridan ma’lum vaqt davomida ijtimoiy tarmoqdan foydalanishdan tiyilish so‘ralgan. Atigi bir hafta o‘tgach, ijtimoiy tarmoqdan voz kechgan ishtirokchilar depressiya, xavotir, yolg‘izlik va ijtimoiy bosimning kamayganini xabar qilishdi. Ushbu natijadan so‘ng, tadqiqot to‘xtatildi va uning natijalari hech qachon nashr etilmadi.
Meta vakili yashirish haqidagi da’volarni rad etib, tadqiqot "uslubiy kamchiliklar tufayli" to‘xtatilganini aytdi, deb xabar beradi Reuters.