Facebook, Instagram va WhatsAppga egalik qiluvchi Meta kompaniya ishchi kuchining taxminan 5 foizini qisqartirishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi BBC.
Kompaniya bosh direktori Mark Sukerberg rasmiy maktubida samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida doimiy qisqartirishni tezlashtirishga qaror qilganini ma’lum qildi.
Butun dunyo bo‘ylab 72 mingga yaqin kishi ish bilan ta’minlangan kompaniya ishdan bo‘shatish qanday amalga oshirilishiga aniqlik kiritmagan.
Sukerbergning postiga ko‘ra, 10 fevral kuni birinchi bo‘lib AQSh xodimlari xabardor qilinadi. Shundan so‘ng, yangilik boshqa mamlakatlardagi xodimlarga yetib boradi.
“Bu yil og‘ir bo‘ladi va men jamoamizda eng yaxshi odamlar borligiga ishonch hosil qilmoqchiman. Shu munosabat bilan men samaradorlikni boshqarish standartlarini oshirishga va samarasiz xodimlardan imkon qadar tezroq qutulishga qaror qildim”, – deb yozadi u.
Bunday qadam Amerikada keng qo‘llaniladi. Meta-da ular odatda butun yil davomida sodir bo‘ladi. Lekin bu yil bu jarayon tezroq ketmoqda. 3600 ga yaqin odam ishsiz qolishi mumkin.
Sukerbergning so‘zlariga ko‘ra, ishdan bo‘shaganlar “tovon puli” oladi.
Metada oldingi “yirik qisqartirish” 2023 yilda sodir bo‘lgan. O‘shanda kompaniya xarajatlarni kamaytirish strategiyasi doirasida 10 000 ga yaqin ish o‘rinlarini qisqartirgan edi. 2022 yilda 11 mingga yaqin odam ishdan bo‘shatildi.