«Santos» hujumchisi Neymar «Barselona» vingeri Lamin Yamal erishayotgan muvaffaqiyatlar haqida o‘z fikrini bildirdi. Braziliyalik yulduz «ko‘k-anorranglilar»ning 18 yoshli futbolchisi ko‘rsatayotgan o‘yindan hayratda ekanini tan oldi.
«Men Yamalni barcha davrlarning eng buyuk yosh sportchilaridan biri deb hisoblayman. Messi bo‘lgan, men bo‘lganman, lekin bu yigitning 18 yoshida qilayotgan ishlari — aql bovar qilmas darajada. U «Barselona» bilan Chempionlar ligasidan chiqib ketganida juda xafa bo‘ldim. Lamin jamoani o‘z ortidan ergashtirdi va hisobni tenglashtirishga yordam berdi, lekin bu futbol. Uning vaqti hali keladi. Umid qilamanki, u kelasi yili Chempionlar ligasida g‘olib chiqadi. Balki «Oltin to‘p»ni ham yutar, nega endi yo‘q? Men uni doimo qo‘llab-quvvatlayman», — deya Neymarning so‘zlarini Actu Foot nashri keltiradi.
Eslatib o‘tamiz, «Barselona» Chempionlar ligasining 1/4 final bosqichida «Atletiko»ga imkoniyatni boy berib, musobaqa bilan xayrlashgan edi.