Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar tranzitidan yiliga 15 mlrd dollar daromad olishni rejalashtirmoqda.
"Eron parlamenti Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan mamlakat suverenitetini rasmiylashtirish rejasini ko‘rib chiqmoqda. Ushbu tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad milliy valyuta, ya’ni riyolni mintaqaviy moliyaviy mexanizmlar orqali mustahkamlashdir", deya xabar beradi Eronning ISNA axborot agentligi.
Parlament prezidiumi kengashi a’zosi Ahmad Naderining aytishicha, yangi reja dengiz tranziti bilan bog‘liq to‘lovlarni riyolda amalga oshirishni ko‘zda tutadi. U bu chorani mintaqaviy savdoda milliy valyuta rolini oshirish yo‘lidagi muhim qadam deb baholadi.
Hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu strategik dengiz yo‘lida kemalar qatnovini tartibga solishdan tushadigan yillik daromad 10 milliarddan 15 milliard dollargacha bo‘ladi. Eronlik rasmiy ayrim manbalarda keltirilayotgan bundan yuqori raqamlarni “bo‘rttirilgan” deb atadi va ular haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi.
Jahon bozoriga yetkazib beriladigan neftning qariyb 20 foizi, suyultirilgan tabiiy gazning qariyb uchdan bir qismi aynan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadi.