Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel noqonuniy migrasiyaga qarshi kurash tufayli Yevropa qulash xavfi ostida qolishi mumkinligidan xavotir bildirdi.
Bu haqda Politico nashri xabar bermoqda.
Amaldagi Germaniya hukumati joriy etgan chegara nazoratini kuchaytirishga qarshi gapirar ekan, u migrasiya muammosini hal qilishda umumevropa yondashuvi zarurligini ta’kidladi.
"O‘ylashimcha, biz Germaniya-Avstriya yoki Germaniya-Polsha chegarasida noqonuniy migrasiyani yengib chiqa olmaymiz", dedi u.
Merkelning fikricha, alohida davlatlarning bir tomonlama qadamlari Yevropaning harakat erkinligi uchun qimmatga tushishi mumkin. Shu munosabat bilan u noqonuniy migrasiyaga qarshi kurashish yo‘llarini birgalikda izlashga chaqirdi. “Aks holda, Yevropa qanday qulashini kuzatishga majbur bo‘lishimiz mumkin”, deb ogohlantirdi sobiq kansler.
Eslatib o‘tamiz, XDS/XSS bloki vakili bo‘lgan kansler Fridrix Mers boshchiligidagi hukumat almashganidan keyin Germaniya Avstriya va Polsha bilan quruqlikdagi chegaralarida nazoratni kuchaytirdi. Qo‘shimcha 3000 nafar polisiyachi chegaradosh viloyatlarga jo‘natildi.
7 may kuni yangi qoidalar kuchga kirdi, unga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining boshqa davlatidan boshpana so‘rab murojaat qilgan muhojirlarga Germaniyaga kirish taqiqlanadi. Biroq, homilador ayollar, bolalar va boshqa zaif guruhlar ushbu cheklovlardan ozod qilingan.