Mercedes-Benz rahbariyati xodimlar xarajatlarni qisqartirishga rozi bo‘lmasa, Germaniyadagi zavodlardan birini yopib, ishlab chiqarishni Sharqiy Yevropaga ko‘chirish rejasi borligini ma’lum qildi. Bu haqda Wirtschaftswoche kompaniyadagi manbalarga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, menejment ta’til puli va Rojdestvo bonuslarining bir qismidan voz kechish, shuningdek, 35 soatlik ish haftasini qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda. Kompaniya rahbariyatining fikricha, ayniqsa Xitoyda sotuvlar pasayib borayotgan bir paytda amaldagi mehnat sharoitlari Germaniyadagi korxonalarning raqobatbardoshligini pasaytirmoqda.
Wirtschaftswoche yozishicha, kompaniya boshqaruvi a’zolaridan biri ochiqchasiga shunday degan: yo Germaniyada mehnat xarajatlari sezilarli darajada kamayadi, yoki Mercedes Sharqiy Yevropada yangi zavod qurishi mumkin. Kompaniyaning ishlab chiqarish kengashi esa bunday bayonotlarni «shantaj» va «o‘ta jiddiy tahdid» deb atagan.
Hozircha qaysi zavod yopilishi mumkinligi aniq aytilmagan. Shu bilan birga, Mercedes Vengriyada ishlab chiqarish quvvatlarini faol kengaytirmoqda. Kechkemetdagi korxona istiqbolda yiliga 400 mingtagacha avtomobil ishlab chiqarishi kerak.
Kompaniya rahbariyati avvalroq ham Germaniyadagi zavodlarning ishlab chiqarish quvvatlari «ehtiyojdan ancha yuqori» ekanini bildirgan edi.