Germaniyaning Mercedes-Benz avtokonserni AQSh bozorini yo‘qotishi mumkin, deb yozmoqda Bild nashri.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bu AQShda Xitoy kapitali ulushi 15 foizdan ortiq bo‘lgan kompaniyalar avtomobillarini sotishni taqiqlovchi qonun loyihasi bilan bog‘liq.
«Oqibatlari halokatli bo‘lishi mumkin: AQShda sotuvlar taqiqlanadi», — deyiladi nashr maqolasida.
Qayd etilishicha, Mercedes aksiyalarining qariyb 10 foizi Xitoyning BAIC konserniga, yana qariyb 10 foizi esa Xitoyning Geely brendi asoschisi Li Shufuga tegishli.
Maqolada ta’kidlanishicha, AQSh Mercedes uchun muhimligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadigan sotuv bozori hisoblanadi. Bundan tashqari, ushbu qonun Xitoy yetkazib beruvchilari bilan ishlaydigan Volkswagen va BMW kompaniyalariga ham ta’sir qilishi mumkin.