WBA reytingida o‘z vazn toifasida birinchi o‘rinni egallab turgan Bektemir Meliqo‘ziyev jahon chempioni Xayme Munguyaga qarshi jang o‘tkazish istagini yana bir bor bildirdi.
O‘zbekistonlik bokschi WBA kamari uchun majburiy da’vogar hisoblanadi va chempionlik imkoniyatini qo‘lga kiritish uchun gonorardan ham voz kechishga tayyorligini ma’lum qildi.
"Jang uchun qancha pul to‘lanishi men uchun muhim emas. Tekinga ham jang qilishga tayyorman. Faqat menga va belgilangan qoidalarga nisbatan hurmatsizlik qilishni to‘xtating.
Xayme Munguya, sen chempionlik jangiga chiqishingdan oldin ham men majburiy da’vogar edim. Endi sen chempionsan. Agar men chempion bo‘lganimda senga yoki boshqa istalgan bokschiga qanday hurmat ko‘rsatgan bo‘lsam, sendan ham xuddi shu munosabatni kutaman.
WBA’ni va muxlislarni hurmat qil. Ular natijasi oldindan ma’lum bo‘lgan jangni emas, haqiqiy raqobatni ko‘rishni xohlaydi", deb yozdi Meliqo‘ziyev Instagram sahifasida.
Xayme Munguya 2 may kuni Las-Vegasdagi "T-Mobile Arena"da Xose Armando Resendisni ochkolar hisobida mag‘lub etib, WBA chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan edi.
Uning majburiy himoyani o‘tkazishi uchun ajratilgan 120 kunlik muddat 30 avgust kuni tugagan.
WBA qoidalariga muvofiq, chempion majburiy himoya muddati yakunlanishidan oldingi 60 kun davomida rasmiy majburiy da’vogardan boshqa bokschi bilan jang o‘tkaza olmaydi.
Agar Munguya va Meliqo‘ziyev tomonlari 21 oktyabrga qadar kelishuvga erisha olmasa yoki taraflardan biri muzokaralarni davom ettirishni istamasa, WBA chempionlik jangi huquqini aniqlash uchun promouterlik auksioni o‘tkazishi mumkin.