Mavrikiy Ta’lim vazirligi 13 oktyabr kuni mamlakatning ba’zi hududlarida maktablar vaqtincha yopilganini ma’lum qildi. Bunga polisiya xodimi yosh ayolga o‘q uzganidan so‘ng boshlangan tungi tartibsizliklar sabab bo‘ldi.
Mahalliy ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, 27 yoshli Elodi Tomasga o‘q uzilishi ortidan polisiya serjantiga nisbatan dastlabki ayblov e’lon qilingan. Biroq hodisaga nima sabab bo‘lgani haqida tafsilotlar keltirilmadi.
Elodi 9 oktyabr kuni kechasi poytaxtdan janubdagi turar joy dahasida furgonda uyiga qaytayotganida yaralangan. Sog‘liqni saqlash vaziri Anil Bachuga ko‘ra, Elodi tanasidan o‘qni olib tashlash bo‘yicha muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. Polisiya xodimlari hodisa yuzasidan izoh bermadi. Lekin surishtiruv ishlari boshlangani ma’lum qilindi.
12 oktyabr kuni kechasi mamlakatning ayrim hududlarida namoyishchilar avtomobil shinalarini yoqib, yo‘llarni to‘sib qo‘ydi. Shu sababli hududlarga polisiya kuchlari safarbar etildi. Bosh vazir idorasi hozirda vaziyat barqarorlashganini va barcha davlat xizmatlari odatdagidek ishlashini bildirdi.