Maskat (O‘mon)dagi suriyaliklar xonadonida hech qanday hujjatlarsiz qoldirib ketilgan o‘zbekistonlik bolakay Ona yurtiga qaytarildi.
Bu haqda “Dunyo” AA xabar qilmoqda.
Bolakay 2023 yilda tug‘ilgan bo‘lib, tug‘ilganida uning onasi tomonidan tug‘ruqxonaga nikoh tuzilganligi haqida guvohnoma taqdim etilmagan. Shu sababli, chaqaloqqa hech qanday hujjat rasmiylashtirishning imkoni bo‘lmagan. Qolaversa, bolaning onasiga nisbatan O‘monda jinoiy ish ochilgani bois, u tug‘ruqxonani yashirincha tark etgan.
O‘z navbatida, ona bolasining suriyalik oilaga vaqtincha qarab turish bahonasi bilan qoldirib, O‘zbekistonga qochib ketgan. Suriyalik oila bolaga o‘z farzandidek munosabatda bo‘lib, ikki yil davomida parvarishlagan. Hozirgi vaqtda Suriyada tinchlik o‘rnatilgani sababli, ular o‘z vatanlariga qaytishga qaror qilgan. Shu sababli, Suriya fuqarolari bolani O‘zbekiston elchixonasiga topshirib, o‘z vataniga ketgan.
2023 yilda O‘mondan O‘zbekistonga qochib ketgan ona boshqa qilgan jinoyatlari uchun 2024 yilda O‘zbekistonda hibsga olinib, hozirda jazo muddatini o‘tamoqda.
Elchixona tomonidan bolaning hujjatlarini to‘g‘rilash maqsadida O‘monning tegishli idoralari olib borilgan muzokaralar natijasida vatandoshimizga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma rasmiylashtirildi. 18 dekabr kuni bola elchixona xodimi hamrohligida Maskat–Dubay, Dubay–Toshkent yo‘nalishida O‘zbekistonga qaytarilgan.