Amerikalik tadbirkor Ilon Mask Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqasi faqat fuqarolik va mudofaa maqsadlarida foydalanish uchun mo‘ljallanganini, undan hujumkor harbiy operasiyalarda foydalanish mumkin emasligini bildirdi.
«Starlink — tijoriy xizmat. Undan foydalanish fuqarolik yoki mudofaa harakatlari bilan cheklangan. Tijoriy kompaniya uchun hujumkor harbiy operasiyalarda qo‘llanilishi maqbul emas», — dedi SpaceX asoschisi.
Mask, shuningdek, fuqarolik aloqa tarmog‘i Starlink va harbiy sun’iy yo‘ldosh tizimi Starshield o‘rtasidagi farqni tushuntirdi. Uning aytishicha, Starshield AQSh hukumatiga tegishli bo‘lib, uning nazorati ostida ishlaydi. Tizimning tezligi va dasturiy ta’minotdan foydalanish tartibiga oid cheklovlar AQSh Mudofaa vazirligi va prezident tomonidan belgilanadi.
Maskning bayonoti Ukraina sobiq mudofaa vaziri Mixail Fyodorovning X ijtimoiy tarmog‘idagi murojaatidan keyin yangradi. Fyodorov Starlink aloqasi soatiga 160 kilometrgacha bo‘lgan tezlikda qayta tiklangani haqida yozib, harbiy maqsadlarda foydalaniladigan Starshield tizimiga qo‘yilgan cheklovlarni to‘liq bekor qilishga chaqirgan edi.
Ukraina prezidenti maslahatchisi Sergey Beskrestnov esa SpaceX Ukraina harbiylari uchun Starlink ishlash tezligini pasaytirganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ayrim rejalashtirilgan harbiy operasiyalarning barbod bo‘lishiga va reaktiv dronlarni urib tushirish imkoniyatlarining pasayishiga olib kelgan.
Shuningdek, Ukraina rahbariyati Rossiya tomonidan ballistik raketalar uchirilishi haqidagi razvedka ma’lumotlarini hamkorlardan ikki kundan beri olmayotganidan shikoyat qilgan.
CNN nashrining avvalgi xabariga ko‘ra, Vashington Kiyevni bunday ma’lumotlarni uzatishni to‘xtatishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Politico nashri esa Ukraina Qurolli kuchlari Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimidan foydalanish imkoniyatidan ham mahrum bo‘lishi mumkinligi haqida yozgan.