Bugun 3 may, 2024 yil, juma

КИР

Masjidlarni obod qiling

Masjidlarni obod qiling

Masjidlar – Alloh taolo e’zoz qilgan go‘shalardir. Masjidlar – Alloh taoloning uyidir. Chunki Robbimiz ilk qurilgan masjidni “Mening uyim” deb nomladi. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyiladi: “Biz Ibrohimga Baytning joyini belgilab berib: “Menga hech narsani sherik qilma, Baytimni tavof qiluvchilar, (ibodatda) qoim turguvchilar  hamda ruku’, sujud qiluvchilar  uchun  poklagin...” deganimizni esla!”  (Haj surasi,26-oyat) 

Boshqa bir oyatda esa: “(U) bir uylardaki, Alloh ularning ko‘tarilishiga va ularda O‘z ismi zikr qilinishiga izn bergandir. Ularda Unga ertayu kech tasbeh ayturlar”, deyiladi. (Nur surasi, 36-oyat)

Oyatdan ko‘rinib turibdiki, yer yuzidagi ilk qurilgan masjid bo‘lgan Ka’bai Muazzamaning bino bo‘lish joyini Alloh taoloning O‘zi belgilab bergani, hamda ushbu joyni ibodat qiluvchilar uchun doimo pok tutishga amr qilgani, O‘zining muborak ismini zikr qilishlik uchun ularing ko‘tarilishiga izn bergani masjidning qadri qanchalar baland ekanini anglatadi.

Dinimiz bizni masjidlar qurishga, ularni obod qilishga va asrab avaylashga buyuradi.

Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallash aytadilar: “Kim Allohning roziligi uchun bir masjid qursa, Alloh u banda uchun jannatda bir qasr quradi” , dedilar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati)

Ushbu hadis mutavotir hadislar sarasiga kiradi. Ya’ni, rad etib bo‘lmas darajadagi aniq ma’lumotlar va ishonchli bir nechta kishilardan yetib kelgan. Hadisni sharhida Ibn Hajar Asqaloniy rohimahulloh shunday deydilar: “Kimgaki, Alloh taolo jannatda qasr quradigan bo‘lsa, o‘sha banda u qasrga kiritiladi. Chunki Alloh taolo shunchaki, foydalanilmaydigan qasrni qurib qo‘ymaydi. Demak, Alloh taolo birovning nomiga bir qasr qursa, albatta u bandani qasrga kirgizadi”.

Masjidlarni hurmatini, qadr qimmati va sha’nini ulug‘lab aytilgan oyatlar va hadislar judayam ko‘pdir. Shuningdek, masjidga boruvchilar uchun ham bir qancha va’dalar berilgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan  rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim ertami-kechmi masjid tomon borsa, Alloh taolo unga har erta va kech yurganida jannatdan manzil tayyorlaydi”, dedilar”. (Ikki Shayx rivoyat qilishgan) 

Demak, insonning jannatdagi manzili, martabasi masjidga borishiga qarab bo‘ladi. Inson masjidga har borgani sababidan, Alloh taolo unga jannatda manzil tayyorlaydi. Qancha ko‘p borsa, jannatdagi martabasi shuncha ortib boraveradi. 

Dinimizda masjidning ulug‘lanishi, uni obod qilganlarga, xususan jamoat namoziga targ‘ib qilinishi bejiz emas albatta. Chunki, Islom dininig eng katta ta’limotlaridan biri bu – birdamlik, ahillik, tafriqaga tushmasdan jamoat bo‘lib, hamjihat bo‘lib, o‘zaro fikr va maslahatlashib hayot kechirishdir. Ushbu ko‘rsatmalarga amal qilish uchun esa masjid eng yaxshi joydir. Demak, masjid qurish – odamlarni jamlash, jamiyatni hamjihatlikka undash, kishilarni bir-biriga bo‘lgan muhabbati va mehrini ziyoda bo‘lishiga sabab, dushmanlarning qalbiga qo‘rquv solishdir. Qolaversa, “Ko‘pchilikning duosi – ko‘l” deganlaridek, jamoat bo‘lib qilingan duolar besamar ketmaydi. Masjidga borgan insonlar Alloh taolodan yurt uchun ofiyat, xotirjamlik, xalq uchun baraka, forovonlik, o‘zgalar uchun ham yaxshilik, iymon – insof, xullas, shu xalq uchun, millat uchun, din va vatan rivoji uchun nimaiki zarur bo‘lsa barchasini so‘rab duolar qilishadi.

Masjidga dushmanlik qilish, uni yomon ko‘rish esa, yuqorida aytilgan barcha yaxshilik omillarinig aksidir. Qolaversa, aslo unutmaslik kerakki, masjidni vayron qilish uchun qdam bosgan Abraha ismli shaxsning holatini Alloh taolo qiyomatgacha eslatib qo‘ydi.

Unutmang! Alloh O‘z baytini qanday himoya qilib olishni O‘zi biladi.  Tarix yana takrorlanaveradi. Kimdir yaxshilik bilan, yana kimdir esa yomonlik bilan eslanaveradi. Xulosa o‘zingizdan !!!

Manba: muslim. uz

Kiritildi: 22:18 09.10.2019. O'qildi: 3779 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!