Rossiya prezidenti bu haqda Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tayotgan BRIKS sammiti doirasida jurnalistlarga ma’lum qildi.
"Hozir yevropaliklar Ukraina hududiga qo‘shin kiritish haqida o‘ylayotganini aytmoqda. Bu Rossiya bilan urushni anglatadi. Yevropa davlatlari o‘z mamlakatlarini Moskva bilan harbiy to‘qnashuvga olib bormoqda", — dedi Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Yevropa bilan mojaro qilish uchun asosi yo‘q. Putin bu boradagi barcha masalalar Ikkinchi jahon urushi yakunlari bo‘yicha hal etilganini ta’kidladi.
2026 yil yanvarda Ukraina, Fransiya va Buyuk Britaniya urush tugaganidan so‘ng Ukraina hududiga xorijiy kuchlarni joylashtirish imkonini nazarda tutuvchi deklarasiyani imzolagandi. Hujjat Parijda o‘tkazilgan “Ko‘ngillilar koalisiyasi” sammiti doirasida qabul qilingan.
Rejaga ko‘ra, o‘t ochish to‘xtatilganidan keyin Buyuk Britaniya va Fransiya Ukraina hududida harbiy markazlar tashkil etishi, Ukraina armiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun qurol-yarog‘ va texnika saqlanadigan himoyalangan ob’ektlar barpo etishi mumkin. Ushbu tashabbus Yevropa davlatlari rahbarligida, AQShning tashkiliy ko‘magi bilan amalga oshirilishi rejalashtirilgan.