Ayrim uchastkalarda Rossiya bo‘linmalari Jerebes daryosi tomon chekindi. Bu Limanga bo‘lgan tahdidni kamaytirdi hamda Rossiya qo‘shinlarining Slavyansk va Donbassning shimoliy qismi yo‘nalishida keyingi ilgarilashini qiyinlashtirdi.
AQShning Urushni o‘rganish instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning harbiy blogerlari Ukraina qarshi hujumlari bir necha oydan beri davom etayotganini va Rossiya qo‘shinlarining ahvoli yomonlashayotganini tan olmoqda. Xabarlarga ko‘ra, Rossiya Qurolli kuchlari bo‘linmalari ilg‘or pozisiyalarning bir qismini tark etishga majbur bo‘lgan.
Svyatogorskdagi vaziyat ham alohida aks-sado berdi. Vladimir Putin avvalroq shahar egallanganini omma oldida ma’lum qilgan edi. Biroq ko‘p o‘tmay Ukraina harbiylari shahar ustidan nazoratni saqlab turganini namoyish qildi.