Madridning «Real» klubi sobiq futbolchisi Marselo Krishtianu Ronalduning kamdan-kam hollarda tilga olinadigan fazilatlari haqida so‘zlab berdi.
Portugaliyalik hujumchi o‘zining sermahsulligi va professionalligi bilan mashhur, biroq braziliyalik himoyachining fikricha, «An-Nasr» yulduzining boshqa xususiyatlari ham alohida e’tirofga loyiq.
«Uning naqadar ajoyib futbolchi ekanligi haqida kun bo‘yi gapirishim mumkin, buni hamma ko‘rgan. Ammo muxlislar ko‘zidan yiroq bo‘lgan jihat — bu Krishtianuning aqli va yetakchilik qobiliyatidir. Ba’zida o‘yin oldidan u menga: «Marselo, uchrashuv boshida biroz orqaroqda tur — biz ularni shundoq ham hal qilamiz», derdi. Keyin esa Karvaxalning oldiga borib, unga ham ko‘rsatmalar berardi», — deya Marseloning so‘zlarini keltirmoqda Ispaniya OAVlari.
Krishtianu Ronaldu 2009 yildan 2018 yilgacha «qaymoqranglilar» sharafini himoya qilgan.