Bugun 14 oktyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Marsda doimiy yashash uchun uchta asosiy shartni bilasizmi?

Marsda doimiy yashash uchun uchta asosiy shartni bilasizmi?

Naked Science nashri Global Times’ga tayanib yozishicha, Xitoy Fanlar akademiyasining Shanhay astronomiya observatoriyasi kichik ilmiy xodimi bu haqda «Nega biz Marsga yo‘l olyapmiz?» nomli maqolasida bayon qilgan.

Birinchi vazifa — Yer va Mars o‘rtasida axborot almashinuvini ta’minlash. Bu kosmik apparatlar bilan aloqa qilish va ularning harakat yo‘nalishini aniq belgilash uchun muhim.

Chjanning aytishicha, Shanhay astronomiya observatoriyasi rahbarligida ishlab chiqilgan radiointerferometriya tizimi Marsga yo‘l olgan apparatlar trayektoriyasini yuqori aniqlikda hisoblash va ularni orbitaga chiqarishga yordam beradi. Mazkur texnologiya «Tyanven-1» missiyasida sinovdan o‘tkazilgan.

Ikkinchi vazifa — ikki sayyora o‘rtasida yuk va namunalarni tashishni yo‘lga qo‘yish. Insoniyat Marsga kosmik apparatlar yuborishni o‘rgangan, ammo u yerdagi moddalarni Yerga qaytarishning amalda sinalgan texnologiyasi hozircha mavjud emas.

Xitoy bu yo‘nalishda «Tyanven-3» missiyasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Uni taxminan 2028 yilda uchirish, Mars tuprog‘i namunalarini esa 2031 yil atrofida Yerga olib kelish ko‘zda tutilgan.

Uchinchi vazifa — Marsda inson hayotini ta’minlash. Qizil sayyorada harorat juda past, radiasiya darajasi yuqori, tortishish kuchi zaif va atmosfera bosimi past. Suv hamda kisloroddan foydalanish imkoniyatlari ham cheklangan.

Olimning ta’kidlashicha, odamlarning yashashi va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishi uchun Marsning mahalliy resurslaridan qanday foydalanish mumkinligini aniqlash kerak.

Shunga qaramay, Chjan Marsni insoniyat Yer — Oy tizimi chegarasidan tashqariga chiqishida erishish mumkin bo‘lgan maqsad deb hisoblaydi.

Uning tushuntirishicha, Merkuriy Quyoshga juda yaqin, Veneradagi sharoit esa o‘zlashtirish uchun o‘ta noqulay. Boshqa osmon jismlari ancha uzoqda joylashgan.

Marsda esa siyrak atmosfera va suv muzi bor. Sutka davomiyligi hamda fasllar almashinuvi Yerdagiga o‘xshaydi. Tadqiqotchiga ko‘ra, shu xususiyatlar Qizil sayyorani sayyoralararo sivilizasiya sari yo‘lda muhim oraliq bosqichga aylantirishi mumkin.

Kiritildi: 23:45 13.10.2026. O'qildi: 358 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!