O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari salkam 44,9 milliard dollarga etdi.
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, joriy yilning 1 fevral holatida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 44,9 milliard dollarni tashkil qildi. Bu yanvar oyiga nisbatan 2 milliard dollarga ko‘proq.
Zaxiralar ortishida xorijiy valyutadagi zaxira aktivlar asosiy rol o‘ynagan. Oy davomida valyutadagi zaxiralar 2,2 milliard dollardan ko‘proqqa oshgan va 9,5 milliard dollargacha yetgan. Bunda bosh ofisi xorijda joylashgan banklardagi aktivlar 2,16 milliard dollarga oshgan.
Shuningdek, valyutadagi zaxiralar tarkibida Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlar 102,1 million dollardan 202,5 million dollargacha o‘sgan.
Fevral oyida oltinning fizik hajmi 380 ming troy unsiyaga, qiymati esa salkam 202 million dollarga kamaygan. Shunday qilib, zaxiralar tarkibidagi oltinning qiymati 34,9 milliard dollarni tashkil qildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, yanvar oyida O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari hajmi 1,7 milliard dollarga oshib, 42,9 milliard dollarga yetgan. Oltin narxlarining qimmatlashi zaxiralarga 2,27 milliard dollarlik ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.