Bugun 12 dekabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Markaziy bank asosiy stavkani yana 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Markaziy bank asosiy stavkani yana 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Markaziy bank boshqaruvi 12 dekabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Qayd etilishicha, so‘nggi ikki oyda yillik inflyasiya darajasi bir oz pasayib, noyabr oyi yakunida 10 foizni tashkil etdi. Inflyasiyaning pasayishi, asosan, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorlashuvi hisobiga yuzaga keldi. Iqtisodiyotda shakllanayotgan yuqori iste’mol va investision faollik yalpi talabni qo‘llab-quvvatlashi hisobiga xizmatlar va nooziq-ovqat tovarlari narxlarida o‘sish xatarlari saqlanib qolmoqda.

Aholining birlamchi ehtiyojlari doirasidagi ayrim xarajatlarning o‘zgarishi va ob-havo sovishi bilan energiya narxlari erkinlashtirilishining ikkilamchi ta’sirlari yuzaga chiqishi iqtisodiyot sub’ektlarining inflyasion kutilmalarida ham namoyon bo‘lmoqda. Noyabr oyida aholi va tadbirkorlarning inflyasion kutilmalari mos ravishda 13,7 va 12,7 foizgacha tezlashdi.

So‘nggi to‘rt oy davomida bazaviy inflyasiyaning 7,0 foiz atrofida sezilarli o‘zgarishsiz shakllanayotgani, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar bazaviy inflyasiyasining nisbatan yuqori darajalari hamda chakana savdo va xizmatlar sohasida tushumlar hajmlarining oshib borayotgani iqtisodiyotda talab omillari ta’sirining saqlanib qolayotganligini ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, yalpi talabning barqaror o‘sish sur’atlari va mehnat bozoridagi faollik mavjud inflyasion bosimlarning uzoqroq muddat saqlanib qolishiga ishora bermoqda. Iqtisodiyotda ish haqi va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining oshib borayotgani aholi daromadlarini real hisobda oshirib, yuqori investision faollik sharoitida kelgusi oylarda ham yalpi talabni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Natijada yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 2024 yilning ikkinchi yarmida ham barqaror tendensiyalarni namoyon etib, yil yakunida 6-6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Aholi real daromadlarining oshishi sharoitida iqtisodiyotdagi inflyasion jarayonlarni samarali jilovlash yalpi talab va taklif orasidagi muvozanatni ta’minlashni, bu esa o‘z navbatida, pul-kredit sharoitlari qat’iyligini joriy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda.

Yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda o‘rta muddatli narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadidan kelib chiqib, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

O‘rta muddatli istiqbolda inflyasiyaning 5 foizlik targetigacha barqaror pasayishiga erishish uchun pul-kredit sharoitlarini yetarlicha qat’iy darajada shakllanishi ta’minlab boriladi. Bunda iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi, inflyasion kutilmalar va tarkibiy islohotlar sur’atlariga alohida e’tibor qaratiladi.

Iqtisodiyotdagi joriy yuqori talab va narxlarga oshiruvchi bosimlar kelgusi choraklarda kuchayishi bo‘yicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda asosiy stavka oshirish tomonga qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Kiritildi: Bugun 14:00. O'qildi: 293 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!