Fransiya prezidentligiga nomzod Marin Le Pen saylovlarda g‘alaba qozongan taqdirda, olti oy ichida Ukrainaga moliyaviy yordam ko‘rsatishni to‘xtatishini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Fransiya bunday xarajatlarni endi ko‘tara olmaydi.
Le Pen, shuningdek, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga qarshi ekanini bildirib, Rossiyaga qarshi sanksiyalar samaradorligiga shubha bilan qarashini aytdi.
Financial Times nashriga bergan intervyusida Le Pen Parij Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga moliyaviy yordamni davom ettirish imkoniyati yo‘qligini ochiq bildirishi kerakligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, u Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirish imkoniyatini istisno qilmadi. Xususan, qurol-yarog‘ yetkazib berish va ukrainalik harbiylarni tayyorlash orqali qo‘llab-quvvatlash saqlab qolinishi mumkinligini bildirdi.