Yakshanba kuni Premyer-liga chempionligi uchun poygada yangi burilish yuz berdi: «Manchester Siti» «Arsenal»ni mag‘lub etib, birinchi o‘ringa yaqinlashib oldi. Uchrashuv Xosep Gvardiola jamoasining 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Endilikda «kanonirlar» bilan oradagi farq bor-yo‘g‘i uch ochkoni tashkil etmoqda, shu bilan birga «shaharliklar» ixtiyorida hali bitta qoldirilgan o‘yin bor. Bahs yakunlanganidan so‘ng Sky Sports ekspertlari mavsum yakunida Premyer-liga chempionligini kim qo‘lga kiritishi haqidagi savolga javob berishdi.
Mayka Richards: «Kubok lentalari moviy rangda bo‘ladi. "Manchester Siti" bugun g‘alaba qozondi va chempionatda ham zafar quchadi».
Patrik Viyeyra: «Quloq soling, hali oldinda 15 ochko o‘ynaladi, lekin tanlash kerak bo‘lsa, "Siti" chempion bo‘ladi, deb aytaman».
Gari Nevill: «Mavsumda ilk bor shuni tan olishga majburmanki, titul "Siti"ga nasib qiladiganga o‘xshayapti».
Manchester grandiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchi bilan bahsda Rayan Sherki va Erling Xoland tomonidan kiritilgan gollar g‘alaba keltirdi.