2023-2024 o‘quv yilida umumta’lim maktablarining 1-sinfiga kelishi rejalashtirilgan maktab yoshidagi 732 ming 960 nafar bolalar hamda kasalligi tufayli yakka tartibda uyida ta’lim oladigan 14 ming 897 nafar nogironligi bo‘lgan bolalar uchun jami 12 nomdagi o‘quv qurollari xaridi bo‘yicha 142,7 milliard so‘m mablag‘ rejalashtirilgan. Shundan 134,5 milliard so‘mlik xaridlar amalga oshirilib, joylarga to‘liq yetkazib berilgan.
Shu bilan birga, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida axborot texnologiyalarini rivojlantirish maqsadida 557 to‘plamdagi kompyuter jamlanmalari xaridi uchun 100 milliard so‘m ajratilgan bo‘lib, shundan 98,5 milliard so‘mlik kompyuter to‘plamlari xarid qilingan.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan eshituvda ma’lum qilindi. Unda “Respublika byudjetidan ajratiladigan mablag‘lardan foydalanish hamda rivojlantirish dasturlari maqsadli indikatorlarining 2023 yil uchinchi chorakdagi ijrosi to‘g‘risida”gi masala yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining axboroti eshitildi.
Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov ta’lim-tarbiya masalasi millat kelajagi uchun eng muhim hal qiluvchi yo‘nalish ekanligini, shu bois sohaga alohida e’tibor qaratib kelinayotganini ta’kidladi.
Eshituvda vazirlik mutasaddilari ajratilgan mablag‘larning manzilli sarflanishi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Qayd etilganidek, shu yildan boshlab 10 ming 130 ta umumta’lim maktablarini 7 to‘plamdagi milliy cholg‘u asboblari hamda 6 nomdagi birlamchi sport jihozlari bilan ta’minlash xarajatlariga jami 121,9 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, jami 108,9 milliard so‘mlik shartnoma imzolangan. Ushbu xaridlar bo‘yicha 8 oy davomida jami 85,7 milliard so‘m kassa xarajatlari amalga oshirilgan.
Qizg‘in muhokamalar davomida deputatlar vazirlik tomonidan sarflangan mablag‘lar maqsadli va manzilli amalga oshirilganini e’tirof etdi. Shu bilan birga, bu borada yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklarga e’tibor qaratdi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlanib, hamkorlikdagi vaziflar belgilab olindi.