O‘tgan yildan boshlab mamlakatimizda 1-sinflardan axborot texnologiyalari fanlari o‘qitila boshlandi. Keyingi o‘quv yilidan esa yuqori sinflar uchun sun’iy intellekt bo‘yicha darslar joriy etiladi.
Buning uchun 2 mingta sinf xonasi kompyuter bilan jihozlanishi, 6 ming 300 ta interfaol doska o‘rnatilishi zarur. Ushbu maqsadlar uchun mablag‘lar kelgusi yil davlat byudjetida nazarda tutiladi.
Iqtidorli o‘quvchilar uchun viloyatlarda quyidagi ixtisoslashgan maktablar filiallari tashkil etiladi:
Axborot texnologiyalari yo‘nalishida — Al-Xorazmiy maktablari,
Muhandislik bo‘yicha — Mirzo Ulug‘bek maktablari,
Tabiiy fanlar yo‘nalishida — Ibn Sino maktablari.
Ushbu maktablar hududlardagi texnika oliygohlariga biriktiriladi. Yaxshi natijalarga erishgan bitiruvchilar esa ushbu oliygohlarning 2-kursiga qabul qilinadi.
2026 yilda maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi eng nufuzli ikkita — Xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari Markaziy Osiyo davlatlari ichida ilk bor O‘zbekistonda o‘tkaziladi.
Bosh vazirga mazkur olimpiadalarni poytaxtimizda yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha tashkiliy masalalarni nazoratga olish topshirildi.