Bugun 12 sentyabr, 2025 yil, juma

КИР

Isroil Qatardan keyin qaysi davlatga hujum qilishi mumkinligi aytildi

Isroil Qatardan keyin qaysi davlatga hujum qilishi mumkinligi aytildi

Isroil Qatar hududiga hujum uyushtirgani ortidan yahudiy davlati matbuoti hamda jamoatchiligi kelgusi nishon Turkiya bo‘lishi mumkin degan taxminni ilgari surmoqda. Binyamin Netanyahu tomonidan berilgan bayonot esa bu taxmin-tusmolni yanada kuchaytirdi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 10 sentyabr kuni agar Qatar o‘z hududidan HAMAS vakillarini surgun qilmasa, Dohaga yana hujum uyushtirilishi haqida tahdidli bayonot berdi.

“Men Qatarga va terrorchilar boshpana topgan barcha mamlakatlarga murojaat qilmoqdaman: ularni (HAMAS vakillari nazarda tutilmoqda – tahr.) badarg‘a qiling, javobgarlikka torting. Aks holda, buni biz o‘zimiz qilamiz”, – degan Netanyahu.

Qatarga hujumni butun dunyo hamjamiyati, hatto Isroilning an’anaviy ravishda ittifoqchisi bo‘lgan Fransiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlar ham qoraladi. Ammo xalqaro hamjamiyatning e’tirozlarini pisand etmagan Netanyahu dunyo mamlakatlari Isroilni Qatarga hujum uchun olqishlashi kerakligini aytgan.

Isroil bosh vazirining ushbu tahdidli bayonoti Turkiyaga qaratilgan deb baholanmoqda. Negaki, HAMAS harakatining bir qator yuqori martabali vakillari ayni paytda Turkiyada yashamoqda.

Isroillik siyosatshunos, Quddusdagi Yahudiy universiteti professori Meir Masri Tel-Avivning Qatarga hujumini izohlargan ekan, “Dohaga hujum qilgan – Anqaraga ham hujum qila oladi”, deb yozdi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Turkiya matbuotiga ko‘ra, professor Meir Masri ijtimoiy tarmoqlarda “Erdo‘g‘onga maslahat: yon-atrofingga boq!” deya prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga ham tahdid qilgan. “Bugun Qatar, ertaga Turkiya” deb ta’kidlagan u.

Ciyosatshunos Mixail Magid ham ayni kunlarda Isroil ommaviy axborot vositalarida Turkiyaga harbiy zarba berish imkoniyati muhokama etilayotganini qayd etgan.

So‘nggi vaqtlarda Turkiya va Isroil o‘rtasida diplomatik taranglik kuchaymoqda.

Isroil 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azo sektorida amalga oshirayotgan qonli urushni Turkiya rahbariyati keskin tanqid qilib kelmoqda. Eronga qarshi urushni va kuni kecha Qatarga uyushtirilgan hujumni ham Turkiya qattiq qoraladi.

G‘azoda tinch aholi orasida qurbonlar soni oshib borishi fonida Anqara va Tel-Aviv diplomatik ziddiyati ortmoqda.

Joriy yil iyun oyida Eronga hujumdan keyin Tel-Aviv mintaqadagi eng kuchli davlat – Turkiyani sindirishga harakat qilishi haqida taxmin ilgari surilgandi.

Darvoqe, prezident Erdo‘g‘onning o‘zi ham o‘tgan yil oktyabr oyida Isroil Falastin va Livandan keyin Turkiya yerlari, Onado‘liga ko‘z tikishi mumkinligidan gap ochgandi.

“Isroil agressiyasi Turkiyaga ham qaratiladi. Biz vatanimiz uchun, mustaqilligimiz uchun kelgusida ham barcha vositalarni ishga solgan holda ushbu bosqinchilikka qarshi kurashamiz. Badali har qancha og‘ir bo‘lmasin, Turkiya Isroilga qarshi chiqadi va dunyo ahlini ham ana shu sharafli maqomda bo‘lishga undaydi”, – degan edi Erdo‘g‘on.

Turkiya mudofaa vaziri Yashar Gyuler ham 2024 yil noyabr oyida OAVga bergan intervyusida Isroil Turkiyaga hujum qilishi mumkinligini aytgan edi. Ayni choqda, vazir bu Uchinchi jahon urushiga yetaklashidan ogohlantirgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda Turkiyaning Yaqin Sharqdagi nufuzi oshib borayotgani Isroilga yoqmayotir. Joriy yil aprel oyida Netanyahu AQSh prezidenti Donald Trampga Suriyada Turkiyaning ta’siri oshib borayotganidan shikoyat qilgani va Anqaraga bosim o‘tkazishni so‘ragani ma’lum. Ammo o‘sha gal Tramp Netanyahuning ra’yini qaytargan.

Iyul oyida Isroil hukumati AQSh Kongressidan Turkiyaga F-35 qiruvchi uchoqlarini sotishni man etishni so‘ragan. Tel-Avivga ko‘ra, Anqaraning mintaqaviy siyosati istiqbolda Isroil davlati xavfsizligiga tahdid tug‘diradi.

Ekspertlar fikricha, Isroil Turkiyaga hujum qilgan taqdirda ham mudofaa va harbiy jabhada ulkan qudratga ega bu davlat ustidan osonlikcha g‘alaba qozona olmaydi. Qolaversa, Turkiyaning NATO a’zosi ekani va mamlakat hududida AQSh harbiy bazasi mavjudligi masalani yanada murakkablashtiradi.

Avval xabar berganimizdek, Isroil 9 sentyabr kuni xalqaro huquqni buzgan va “qizil chegaralar”ni hatlagan holda Qatar poytaxti Doha shahriga aviahujum uyushtirdi. Isroil rasmiylari hujum HAMAS harakatining yuqori rahbariyatiga qaratilganini ma’lum qilgan.

Isroilning Qatarga hujumi AQSh ittifoqchilarida “Bundan keyin Vashingtonga ishonib bo‘lmaydi” degan fikrni yanada kuchaytirishi aytilmoqda.

Qatar bosh vaziri Shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy ham SNN telekanaliga bergan intervyusida “Bizga xiyonat qilishdi”, deya AQShning

Isroilga hujum uchun imkon yaratib berganiga diplomatik tarzda norozilik bildirgan.

Kiritildi: 15:29 11.09.2025. O'qildi: 1231 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!