2021 yilda “Tolibon” Kobulni egallaganidan so‘ng afg‘on harbiylari Surxondaryo hududiga olib o‘tgan samolyot va vertolyotlar taqdiri yana kun tartibiga chiqdi.
Manbalarga ko‘ra, sobiq Afg‘oniston armiyasiga tegishli 57 ta vertolyotni qaytarish rejalashtirilgan. AQSh Mudofaa vazirligi ma’lumoticha, o‘sha paytda O‘zbekistonga 46 ta, Tojikistonga esa 18 ta havo kemasi olib o‘tilgan. Ular orasida Mi-17 va UH-60 Black Hawk vertolyotlari, shuningdek PC-12, C-208, AC-208 va A-29 turidagi samolyotlar bor edi.
“Tolibon” har ikki davlatdan ushbu aviatexnika qaytarilishini bir necha bor talab qilgan. Biroq 2024 yilda AQShning Toshkentdagi elchisi Jonatan Henik ular O‘zbekistonda qolishini, bu bo‘yicha kelishuvga erishilganini ta’kidlagan. Shu bilan birga, AQShning Afg‘onistondagi elchixonasi Tojikiston hukumatiga samolyotlarni “Tolibon”ga topshirmagani uchun minnatdorlik bildirgan.
2025 yil boshida Vashingtonda O‘zbekiston elchixonasida o‘tgan tadbirda Pentagon rasmiylari vertolyotlarning bir qismi AQShga qaytarilganini ma’lum qilgandi. Xususan, ishga yaroqli deb topilgan 7 ta Black Hawk vertolyoti topshirilgan. “Tolibon” Mudofaa vazirligi buni qoralagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Tolibon” hokimiyatga kelishidan avval AQSh Afg‘oniston harbiy-havo kuchlarini jami 229 ta jangovar va transport vertolyoti bilan ta’minlagan. O‘zbekiston rasmiylari esa aviatexnika AQSh mulki ekanini, uni qaytarish masalasi muhokama qilinmaganini ta’kidlab kelgan.