Uganda poytaxtidagi boshlang‘ich maktab o‘quvchilarini olib ketayotgan avtobus ishtirokida mudhish yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Sipi sharsharasiga uyushtirilgan ekksursiyadan qaytayotgan bolalar bo‘lgan transport vositasi yo‘ldan chiqib ketib, ag‘darilgan.
Mahalliy polisiyaning xabar berishicha, halokat oqibatida 20 nafar bola va bir nafar katta yoshli kishi qurbon bo‘lgan. Shuningdek, yana bir necha kishi turli darajada jarohat olgan.
Fojia Chekvati qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan, natijada avtobus yo‘l chetidagi toshga borib urilgan va ag‘darilib ketgan.
Jarohatlanganlar zudlik bilan yaqin atrofdagi Kapchorva va Mbale shaharlari shifoxonalariga yetkazilgan. Ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Hozirda polisiya YTH sabablarini o‘rganmoqda. Halokatga sababchi bo‘lgan haydovchining shaxsiga aniqlik kiritilmoqda.