Saudiya Arabistoni haj mavsumiga tayyorgarlik doirasida bir qator choralarni e’lon qildi. Bu haqda Saudi Press Agency xabar berdi.
May oyining oxirida haj boshlanadi va unga ikki millionga yaqin ziyoratchi tashrif buyurishi kutilmoqda. Saudiya Ichki ishlar vazirligi ziyoratchilar xavfsizligini va haj amallarining oson o‘tishini ta’minlash uchun quyidagi choralarni e’lon qildi:
Birinchidan, 2026 yil 13 apreldan boshlab Makkaga kirishni istagan aholi vakolatli organlardan rasmiy ruxsatnoma olishi shart. Bunday ruxsatnomaga ega bo‘lmaganlar esa kirishga ruxsat berilmaydi.
Makkada yashash ruxsatnomasiga ega bo‘lganlar, haj ruxsatnomasi borlar hamda muqaddas qadamjolarda ishlash uchun elektron ruxsat olgan shaxslar bundan mustasno. Ishlash ruxsatnomalari Absher Individuals platformasi va Muqeem portali orqali olinadi.
Ikkinchidan, umra vizasi bilan kelganlar uchun Saudiya Arabistonidan chiqishning so‘nggi muddati 18 aprel etib belgilangan.
Uchinchidan, Nusuk platformasi orqali umra ruxsatnomalarini berish 2026 yil 18 apreldan 31 maygacha Saudiya fuqarolari, Fors ko‘rfazi arab davlatlari fuqarolari, mamlakat ichidagi rezidentlar va boshqa turdagi vizaga ega shaxslar uchun vaqtincha to‘xtatiladi.
To‘rtinchidan, 18 apreldan boshlab barcha turdagi viza egalariga Makka shahriga kirish yoki unda qolish taqiqlanadi. Haj vizasiga ega bo‘lganlar esa bundan mustasno.
Vazirlik mazkur qoidalarni buzgan shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda jazo choralar qo‘llanishini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda haj ibodatini tashkil etishga oid turli reklama va e’lonlar ko‘paygani sababli fuqarolarga murojaat bilan chiqib, firibgarlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
Hajga ruxsatnomasiz borganlar 5 ming dollardan ortiq jarimaga tortiladi va 10 yilga Saudiya Arabistoniga kirish taqiqlanadi. Vizasi tugaganlarga boshpana bergan yoki ularni hajga olib borgan shaxslarga ham jarima qo‘llanadi. Makka va Madina shahriga faqat haj uchun maxsus viza asosida kirishga ruxsat beriladi.