Qatar Eronning muzlatilgan aktivlari atrofidagi bahsni hal etish bo‘yicha muzokaralar doirasida Tehronga 12 milliard dollarlik moliyaviy ko‘mak paketini taklif qildi. Bu haqda Eronning «Mehr» axborot agentligi xabar bermoqda.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu taklif Qatarda saqlanayotgan 6 milliard dollarlik Eron mablag‘larini bloklashdan chiqarishni, shuningdek, yana 6 milliard dollar miqdorida qo‘shimcha kredit liniyasi ajratishni ko‘zda tutadi.
Ta’kidlanishicha, dastlab Tehron muzokaralarning boshlang‘ich bosqichida muzlatilgan aktivlarning yarmini, qolgan qismini esa yakuniy kelishuvga erishilgandan keyin olishni istagan, biroq AQSh bu variantni qo‘llab-quvvatlamagan. Bunga javoban Qatar muqobil sxema taklif qilgan.
Shu bilan birga, bloklashdan chiqariladigan 6 milliard dollardan avvalgidek faqat gumanitar maqsadlarda foydalanilishi kerak. Qo‘shimcha 6 milliard dollar esa Qatar boshqaruvi ostidagi kredit yoki kredit liniyasi ko‘rinishida taqdim etilishi nazarda tutilmoqda va bu mablag‘larni qaysi yo‘nalishlarga sarflashni Eron tomonining o‘zi hal qiladi.