Turkiyada so‘nggi uch kun davomida to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi xabar berdi.
Jumladan, 11 iyun kuni Istanbuldagi Shimoliy Marmara avtomagistralida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida O‘zbekiston fuqarosi, 31 yoshli A.H. va uning 2 oylik farzandi halok bo‘lgan. Mazkur avtohalokatda A.H.ning turkiyalik turmush o‘rtog‘i ham vafot etgan.
Shuningdek, 12 iyun kuni Istanbulning Tuzla tumanida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi natijasida 23 yoshli O‘zbekiston fuqarosi N.M. olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.
Bundan tashqari, uzoq vaqt davomida onkologik kasallik bilan kurashib kelgan 58 yoshli o‘zbekistonlik ayol Istanbuldagi shifoxonalardan birida vafot etgan.
Istanbuldagi bosh konsulxona marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, Migrasiya agentligi bilan hamkorlikda jasadlarni O‘zbekistonga yuborish hamda boshqa zarur konsullik-huquqiy masalalar bo‘yicha yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qildi.