O‘zbekistonda fuqarolar yig‘inlari raislari vakolat muddati uch yildan besh yilga uzaytirilmoqda. Bu haqda bugun, 14 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilib, uchinchi o‘qishda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida so‘z boradi.
Mazkur qonun loyihasi bilan quyidagilar belgilanmoqda:
fuqarolar yig‘ini raisi vakolatlari muddatini uch yildan besh yilga o‘zgartirish;
fuqarolar yig‘ini raisi vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda bo‘shab qolgan o‘rinlarga yangi saylov o‘tkazish orqali fuqarolar yig‘ini raisini besh yil muddatga saylash tartibini belgilash;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yig‘ini raisi saylovini o‘tkazish bilan bog‘liq vakolatlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga o‘tkazish;
Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasining fuqarolar yig‘ini raisi saylovini o‘tkazish bilan bog‘liq vakolatlari Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalariga o‘tkazish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashlarining nomini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlari sifatida o‘zgartirish nazarda tutilmoqda.
Bildirilishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolar yig‘inlari raislari faoliyatini hamda fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalar ishini samarali tashkil etilishiga xizmat qiladi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlarining saylovni tashkil etish va o‘tkazish borasida mas’uliyati oshadi hamda bo‘shab qolgan o‘rinlarga fuqarolar yig‘ini raisi saylovini o‘z vaqtida o‘tkazilishi ta’minlanadi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.