Venesuela prezidenti Nikolas Maduro Qo‘shma Shtatlarni mamlakatga qarshi “cheksiz urush” o‘ylab topayotganlikda aybladi.
Karakasta bo‘lib o‘tgan tadbirda so‘zlagan Maduro AQShning Karib havzasida harbiy faoliyatni kuchaytirayotganiga e’tibor qaratdi.
Prezidentning ta’kidlashicha, Vashington mintaqa mamlakatlariga qarshi yangi harbiy ssenariy ustida ish olib bormoqda.
“Ular yangi, cheksiz urushni o‘ylab topishmoqda. Ular boshqa jang qilmaslikka va’da berishgandi, ammo endi yana urush haqida o‘ylayaptilar. Biz esa undan qochishga harakat qilyapmiz. Amerika xalqi bu haqda o‘ylab ko‘rishi kerak — ular Vyetnamdek yangi urushni xohlashyaptimi? Ular Kolumbiya, Venesuela va Karib xalqlariga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlaydimi?” — dedi Maduro.
Maduro Venesuelada koka barglari yetishtirilmasligini ta’kidlab, AQShni “asossiz va bo‘rtiraviy” ayblovlar qo‘yishda aybladi.
“AQSh harbiy kuchlari kundan-kunga Venesuela qirg‘oqlariga yaqinlashmoqda”, — dedi u.
Venesuela mudofaa vaziri Vladimir Padrino Lopes VTV telekanali orqali bergan bayonotida mamlakat AQShdan kelayotgan “real tahdid”ga qarshi tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qildi.
“Biz so‘nggi bir asrdagi eng jiddiy tahdidga duch keldik. AQShning harbiy-havo va dengiz kuchlari kundan-kunga qirg‘oqlarimizga yaqinlashmoqda. Venesuela har bir qarich yerni qat’iyat bilan himoya qiladi”, — dedi vazir.
Lopesning so‘zlariga ko‘ra, Venesuela Milliy Bolivar Qurolli Kuchlari (FANB) va davlat institutlari mamlakatni har qanday tahdiddan himoya qilishga tayyor.
Venesuela matbuoti ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh Karib dengizi va Tinch okeanida giyohvand moddalar tashigani taxmin qilingan 10 ta kemaga zarba bergan, natijada 43 kishi halok bo‘lgan.