26 may kuni tongda Toshkent shahar “Raqat” jome masjidi imomi-xatibi Rabbimqul Muhammadiyev Madina shahrida vafot etdi. U bir necha kundan buyon “Al-Vasafa” shifoxonasining reanimasiya bo‘limida koma holatida yotgan edi. Manbalarga ko‘ra, u o‘pka yallig‘lanishi va yuqori qon bosimi tashxislari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Rabbimqul Muhammadiyev joriy yilgi Haj mavsumida ellikboshi sifatida xizmat qilardi. Hodisadan xabardor shaxslar imomning komaga tushishidan avval diniy idora va vakillar tomonidan qattiq tanbeh olgani haqida ma’lum qilmoqda.
"Qori akam juda muloyim inson edilar. Ularga aytilgan so‘z og‘ir botgan. Hatto so‘kilishgani haqida ham aytishyapti," — dedi ziyoratchilardan biri.
Hozircha rasmiy idoralar tomonidan imomning vafoti yuzasidan bayonot berilmadi.
Ma’lumot uchun, Rabbimqul Muhammadiyev 2019 yildan buyon “Raqat” masjidida imom-xatib sifatida xizmat qilib kelayotgan edi. Undan avval “Imom Termiziy” masjidida ishlagan.