Bugun 20 noyabr, 2024 yil, chorshanba

КИР

Madaniy meros kongressi sensasiyalari: Ulug‘bek portreti, Samarqand haqida qimmatbaho qo‘lyozma, Parijdagi zargarlik buyumlari, 1600 ta tarixiy surat

Madaniy meros kongressi sensasiyalari: Ulug‘bek portreti, Samarqand haqida qimmatbaho qo‘lyozma, Parijdagi zargarlik buyumlari, 1600 ta tarixiy surat

Samarqandda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyatining VII xalqaro kongressi bo‘lib o‘tdi. Kongress davomida yurtimizning madaniy merosiga oid bir qator muhim topilmalar taqdim qilindi.

Madaniy meros kongressi sensasiyalari: Ulug‘bek portreti, Samarqand haqida qimmatbaho qo‘lyozma, Parijdagi zargarlik buyumlari, 1600 ta tarixiy surat

Madaniy meros kongressining eng sensasion voqeliklaridan biri bu “Oshiqlar yig‘ini” deb nomlanuvchi miniatyuraning topilganligi haqidagi axborot bo‘ldi. Ushbu portret asarida ustoz va shogird an’analari, shuningdek mashhur Shayx Orif Ozodiy va yosh Mirzo Ulug‘bek tasvirlangan. Portretning orqa tomonida Ulug‘bek haqidagi matn ham bitilgan. Taxmin qilinishicha, miniatyura XVII asrdagi Buxoro maktabiga mansub.

Madaniy meros kongressi sensasiyalari: Ulug‘bek portreti, Samarqand haqida qimmatbaho qo‘lyozma, Parijdagi zargarlik buyumlari, 1600 ta tarixiy surat

Madaniy meros kongressi sensasiyalari: Ulug‘bek portreti, Samarqand haqida qimmatbaho qo‘lyozma, Parijdagi zargarlik buyumlari, 1600 ta tarixiy surat

O‘zbekiston tarixining XIX-XX asrlarga oid davri tarixiy fotosuratlarda ajoyib tarzda saqlanib qolgan. Ularda shahar qiyofasi, tarixiy obidalar holati, tarixiy shaxslar, hukmdorlar, vazirlarni ko‘rish mumkin. Suratlarning aksar qismi xorijlik sayyohlar tomonidan olingan va xorij muzeylari fondlarida saqlanadi. Ko‘rgazmada ma’um qilinishicha, shunday fondlardan biri Avstriya poytaxti Venadagi Weltmuseum muzeyi bo‘lib, unda O‘zbekiston tarixiga oid 1600 ta fotosurat mavjud. Ular orasida 1890 yildan avval suratga olingan Buxoro amiri Sayid Abdulahadning surati ham bor.

Kongressda, shuningdek, Hindistonda saqlanayotgan Akbarshoh buyrug‘i bilan yozilgan noyob kitob haqida ham xabar berildi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti ilmiy xodimi Dilorom Karomatning aytishicha, Xudobaxsh Xon kutubxonasi Hindistondagi eng boy kutubxonalardan biri bo‘lib, u yerda O‘zbekiston tarixiga oid hujjatlar, xususan, Temuriylar tarixiga oid arab va turk tillaridagi qo‘lyozmalar saqlanadi. Bu qo‘lyozmalar orasida eng noyobi, qimmatlisi esa “Tarixi xonadoni Temuriya” bo‘lib, unda Amir Temur davriga oid 132 ta miniatyura mavjud.

Qolaversa, yana bir qimmatli qo‘lyozma mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Bu astronomiyaga oid “Zij-i Rassad-i Samarqand” qo‘lyozmasi bo‘lib, hijriy 832, milodiy 1428-29 yilarda noma’lum nusxa ko‘chiruvchi tomonidan yozilgan. Ulug‘bekning “Zij-i Jadid-i Sultoniy” asaridan (milodiy 1437 yilda yozilgan) oldin yozilgan ushbu qo‘lyozma Hindistondagi “Rampur Razo” kutubxonasi fondida saqlanadi.

Zahiriddin Muhammad Boburning xotiralarini aks ettiruvchi «Boburnoma» yoki «Bobur kitobi» asari qo‘lyozmasi ham e’tiborga molik topilmalardan hisoblanadi. Qo‘lyozmada turli mavzularni aks ettiruvchi 145 ta illyustrasiya mavjud. Shuningdek, undagi 27 ta rasmda Boburning shaxsiy hayoti, 42 ta rasmda o‘simlik va hayvonot dunyosi, 27 ta rasmda esa muhim tarixiy epizodlar tasvirlangan. Shu bilan birga, 25 ta jangovar sahna, 12 ta uy hayoti, 7 ta ov sahnasi va 3 ziyofat tasviri mavjud. Qo‘llanmada qirq to‘qqizta rassomning ismlari keltirilgan. Ushbu qo‘lyozma ayni damda Kobulda saqlanadi.

Yana bir tarixiy qo‘lyozma — “Tarix-i Xondan-i Temuriya”da esa buyuk bobokalonimiz Amir Temurning butun hayoti, bolaligi, janglari tasvirlangan. Kongressda ma’lum qilinishicha, mazkur qo‘lyozma Hindistonda, Patnadagi Xuda Baxsh Sharq xalq kutubxonasida saqlanadi.

O‘zbek madaniy merosiga oid yana bir muhim manba — Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» yoki “G‘alabalar kitobi” qo‘lyozmasidir. U Hindistonda birinchi marta Bengal, Kalkutta Osiyo jamiyati tomonidan 1887 va 1888 yillarda ikki jildda nashr etilgan.

XVII asrda Istanbulda topilgan uyg‘ur yozuvidagi «Mirajnoma» va “Muhammad payg‘ambarning ulug‘lanishi” asarlari qo‘lyozmalarini ham qayd etish joiz. Kongressa ta’kidlanishicha, mazkur qo‘lyozmalar XIV asrda qirol Lui hukmronligi davrida vazir Jan-Batist Kolber kolleksiyasi uchun sotib olingan. Ushbu noyob qo‘lyozmalar mutaxassislar tomonidan o‘zining naqshlarining nafisligi, juda yorqin ranglari va kuchli estetik ta’siri bilan ajralib turadi, deb baholanadi. Ushbu ikki durdona asarning yuqori sifatli faksimiliyasi “Mueller & Schindler" nashriyoti tomonidan chop etilgan.

Bundan tashqari, topilmalar orasida temuriylar davriga oid kumush va tilla bilan qoplangan ikkita nafis buyum: XV asr o‘rtalariga oid Hirot ko‘zasi va Amir Temur tomonidan 1396 yilda Ahmad ibodatxonasi uchun buyurtma qilingan mashhur yirik moyli lampalar yoki shamdonlar ham bor. Bular orasida, ayniqsa, so‘nggi temuriylar artefakti bo‘lmish XV asrga oid Hirotdan keltirilgan nefrit kosasi muhim topilmalardan hisoblanadi.

Ali Qushchining matematikaga oid “Risola-i Qushchiya” qo‘lyozmasi ham qimmatli manbalardan deya e’tirof etiladi. Razo kutubxonasi fondida saqlanayotgan ushbu qo‘llanma muallifning eng yaxshi asarlaridan biri hisoblanadi.

Samarqandda bo‘lib o‘tgan Kongress davomida Parijdagi dekorativ san’at muzeyi kolleksiyasida temuriylarning eng go‘zal miniatyuralaridan biri bo‘lgan Humoyunning bog‘dagi tasvirlari saqlanayotganligi ham ma’lum qilindi. Ushbu asar 1430 yilda Hirotda yaratilgan. Shuningdek, ushbu muzeyda madaniyatimizga oid bir nechta nafis to‘qimachilik buyumlari, ikkita chopon, so‘zana hamda Buxoro maktabiga oid bir nechta miniatyuralarni uchratishimiz mumkin.

Bundan tashqari, Qohiradagi muzeyda Samarqandda zarb qilingan tangalar saqlanayotganligi ham ma’lum bo‘ldi.

Parijdagi “Quai Branly” muzeyida o‘zbek tarixiga oid buyumlar, xususan, ikkita chopon va bir nechta zargarlik buyumlari ham mavjud. Bundan tashqari, bu yerda O‘rta Osiyo kolleksiyasining ko‘plab buyumlarini ham uchratish mumkin. Muzeyga arxeolog Charlz Yevgeniy tomonidan temuriylar davrining ba’zi buyumlari, otlar uchun jihozlar, egar va uzangilar, Gabriyel Bonvalot tomonidan esa ba’zi to‘qimachilik buyumlari, musiqa asboblari taqdim etilgan.

Madaniy meros kongressi sensasiyalari: Ulug‘bek portreti, Samarqand haqida qimmatbaho qo‘lyozma, Parijdagi zargarlik buyumlari, 1600 ta tarixiy surat

Madaniy meros kongressi sensasiyalari: Ulug‘bek portreti, Samarqand haqida qimmatbaho qo‘lyozma, Parijdagi zargarlik buyumlari, 1600 ta tarixiy surat

Madaniy meros kongressi sensasiyalari: Ulug‘bek portreti, Samarqand haqida qimmatbaho qo‘lyozma, Parijdagi zargarlik buyumlari, 1600 ta tarixiy surat

Kiritildi: 14:35 10.11.2023. O'qildi: 1373 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!