Bugun 22 oktyabr, 2025 yil, chorshanba

КИР

Luvrdagi “asr o‘g‘irligi”

Luvrdagi “asr o‘g‘irligi”

Shu kunlarning rosmana shov-shuvli voqeasi, shubhasiz, dunyodagi eng qattiq qo‘riqlanuvchi muzey – Luvrdan bir qancha qimmatbaho osori-atiqalarning o‘g‘irlab ketilishi bo‘ldi.

Lekin bundan 114 yil avval ushbu muzeyda yanada kattaroq va olamshumulroq o‘g‘irlik sodir bo‘lgan edi. O‘shanda mashhur “Mona Liza” surati muzey sobiq ishchisi bo‘lgan italiyalik Vinchenso Perudjia tomonidan juda sodda usulda, shunchaki olib chiqib ketilgan.

Perudjia 1911 yil 21 avgust kuni erta tongda muzey xodimlari kiyadigan oq fartukda “Mona Liza” oldiga kelib, uni himoya oynasidan ajratgan va fartugi ichiga o‘rab, tashqariga chiqmoqchi bo‘lgan. Ammo zinapoyadan tushishda eshik yopiqligini ko‘rgach, suratni yerga qo‘yib, eshikni ochishga uringan. To‘satdan paydo bo‘lib qolgan sanitar esa Perudjiani muzey xodimi, deb o‘ylab, unga eshikni ochib bergan.

Muzeydagilar Da Vinchining shoh asari yo‘qolganini deyarli bir sutkagacha sezishmagan. Surat esa Perudjianing Parij chekkasidagi bir xonali kvartirasida 2 yil yashirin saqlangan. Bu orada mashhur rassom Pablo Pikasso ham o‘g‘irlikda gumonlanib, so‘roq qilingan. Bir paytlar Luvrda aynan “Mona Liza”ning himoya ramkasini qurishda qatnashgan Perudjia ham polisiya tomonidan ikki bor so‘roq qilingan bo‘lsa-da, u jiddiy gumondor sifatida ko‘rilmagan.

“Asr o‘g‘risi” 1914 yil Italiyada asarni sotmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingan va Da Vinchi durdonasi qariyb uch yil o‘tib Luvrga qaytarilgan. Bu o‘g‘irlik “Mona Liza”ni shu qadar mashhur qilib yuborganki, muzeyga qaytarilganidan keyingi ikki kun ichida uni ko‘rish uchun 120 mingdan ortiq odam tashrif buyurgan.

Kiritildi: 08:24 21.10.2025. O'qildi: 747 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!