Lukashenkoga qarzlarni to‘lash muddati uzaytirildi.
Davlat Dumasi seshanba kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda Minskka davlat kreditlarini to‘lash muddatini kechiktirish to‘g‘risidagi Rossiya va Belarus o‘rtasidagi hukumatlararo bitimni ratifikasiya qildi.
"BelTA" xabariga ko‘ra, Belarusning Kreml oldidagi qarzi bo‘yicha to‘lovlar hujjatga muvofiq 2031-36 yillarga, ya’ni 7-12 yilga ko‘chiriladi.
Umuman olganda, kelishuvga Belarusning 800 million dollarga yaqin qarzi kiradi, dedi Rossiya moliya vaziri o‘rinbosari Vladimir Kolichev. To‘lovlarni kechiktirish to‘g‘risidagi qaror prezident Vladimir Putinning topshirig‘iga binoan qabul qilingan va "Belarus Respublikasi byudjetiga to‘lov yukini kamaytirish" zarurati bilan bog‘liq, deya qo‘shimcha qildi u.
Rossiya va Belarus o‘rtasida to‘lovlarni ko‘chirish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim 2024 yil aprel oyida imzolangan va iyul oyida unga o‘zgartirishlar kiritilib, alohida bayonnoma bilan mustahkamlangan. Shu bilan birga, ikkala hujjat ham maxfiylashtirilgan, dedi Davlat dumasining MDH ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Artyom Turov.
"Kelishuv va protokol qoidalari maxfiy hisoblanadi," - dedi u.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil boshida Belarus Rossiyaning eng yirik qarzdori bo‘lgan: unga Kreml tomonidan berilgan davlatlararo kreditlar bo‘yicha 8,2 milliard dollar to‘g‘ri kelgan. Bu xorijiy davlatlarning Rossiya oldidagi umumiy qarzining chorak qismidan ko‘prog‘i bo‘lib, Jahon banki uni 28,9 milliard dollarga baholagan. Shuningdek, Kremlning yirik qarzdorlari ro‘yxatida Bangladesh ($5,9 mlrd), Hindiston ($3,8 mlrd), Misr ($1,8 mlrd) va Vetnam ($1,4 mlrd) bor.