Bu haqda CNN xabar bermoqda.
Telekanalning xabar berishicha, “Hyuz” deya nomlangan yong‘in 36 kvadrat kilometrdan ortiq maydonni qamrab olgan. Yonib ketgan binolar haqida hozircha ma’lumotlar yo‘q. Sun’iy yo‘ldosh orqali olingan ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in markazi Los-Anjelesning shimolida joylashgan Kastaik ko‘li yaqinida bo‘lgan. Olov qalin butalar sabab tez tarqalgan.
Kaliforniya shtatining Los-Anjeles va Ventura okruglarida yashovchi taxminan 31 ming aholi evakuasiya qilish buyrug‘ini olgan. Mahalliy hukumat yana 23 ming kishini evakuasiya qilishga chaqirmoqda.
Shuningdek, Kastaikdagi 4,3 ming mahbusni sig‘diradigan okrug qamoqxonasi qisman evakuasiya qilingan. Qariyb 500 nafar mahbus boshqa qismga ko‘chirilgan.
Yong‘inni 4 mingdan ortiq o‘t o‘chiruvchi o‘chirmoqda. Los-Anjeles o‘rmon yong‘inlari xizmati rahbari Robert Garsiyaning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaziyat so‘nggi ikki haftada avval yuz bergan yong‘inlarga nisbatan "unchalik og‘ir emas".