Buyuk Britaniya hukumati Rossiyaga qarshi joriy etilgan xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tishga ko‘maklashgan xorijiy tuzilmalarga nisbatan cheklovlarni kengaytirdi. Bu galgi «qora ro‘yxat»dan Qirg‘iziston va Gruziya kompaniyalari ham joy oldi.
Britaniya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy bayonotiga ko‘ra, Rossiya harbiy va iqtisodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlashda ayblanayotgan 15 ta kompaniya va 3 nafar jismoniy shaxsga nisbatan yangi sanksiyalar paketi qabul qilingan.
Yangi cheklovlar asosan kriptovalyuta ayirboshlash shoxobchalari va «A7» deb nomlanuvchi tarmoqqa qarshi qaratilgan. Rasmiy Londonning bildirishicha, mazkur tarmoq mablag‘larni Rossiya harbiy iqtisodiyotiga yo‘naltirishda Qirg‘iziston moliya tizimlaridan unumli foydalanib kelgan. Tekshiruvlar natijasida o‘tgan yilning o‘zida ushbu tizim orqali qariyb 90 milliard dollar mablag‘ aylantirilgani aniqlangan.
Shuningdek, ro‘yxatga kiritilgan «Evroosiyo jamg‘arma banki»ga nisbatan eng qat’iy choralar qo‘llangan. Ushbu bank Kreml uchun strategik muhim bo‘lgan sohalarga xizmat ko‘rsatganlikda ayblanmoqda. Sanksiyaga ko‘ra, bankning aktivlari muzlatiladi, rahbarlarining ishlashi taqiqlanadi. Bundan tashqari, Britaniya moliyaviy tuzilmalariga ushbu bank bilan vakillik munosabatlari o‘rnatish va har qanday pul o‘tkazmalarini amalga oshirish butunlay ma’n etildi.
Britaniya rasmiylari «Davlat brokerlik kompaniyasi» va «Emitent virtualnix aktivov» tashkilotlarini ham Rossiya hukumati manfaatlariga xizmat qilganlikda ayblamoqda. Ularning aktivlari muzlatilib, trast xizmatlari cheklanadi.
«„Emitent virtualnix aktivov“ kompaniyasiga nisbatan alohida maxsus cheklovlar ham joriy etildi. Endilikda Buyuk Britaniya hududidagi provayderlar, ijtimoiy tarmoqlar va ilovalar do‘konlari foydalanuvchilarning ushbu tuzilma servislari hamda kontentlariga kirishini bloklashga majbur», — deyiladi hujjatda.
Bundan tashqari, sanksiyalar paketi doirasida Rossiyaga avval joriy etilgan taqiqlarni aylanib o‘tishda vositachilik qilgan Gruziyaning uchta kompaniyasi ham cheklovlar ostiga tushgan. Nashrimiz vaziyat rivojini kuzatishda davom etadi.