Angliyadagi «London Chess Classic» turnirida kecha 7-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Unda ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov ketma-ket oltinchi g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Hamyurtimiz bu safar angliyalik Lyuk MakSHeynga qarshi oq donalarda o‘ynadi. O‘zbek shaxmatchisi debyutdan kichik ustunlik bilan chiqdi hamda pozison jihatdan aniq yurishlarni amalga oshirib, raqib yo‘l qo‘yayotgan kichik noaniqliklar evaziga o‘z ustunligini oshirib bordi. 26-yurishda Abdusattorovning raqibning zaif piyodalaridan birini urib oldi. Shundan so‘ng 30-yurishda tomonlar Farzinlarni almashishdi.
Nodirbek ortiqcha piyodani oxir-oqibat Farzinga olib chiqish uchun texnik imkoniyatga ega ekanini tushungan MakSHeyn 56-yurishda taslim bo‘lishga qaror qildi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng Nodirbek 6,5 ochko bilan peshqadamlikni yanada mustahkamladi. Ikkinchi o‘rindagi Alirizo Firuzja bu safar ham durang o‘ynadi va musobaqa tugashiga 2 tur qolganida o‘zbek sportchisidan 2,0 ochko ortda qolmoqda. Turnirda 3 dekabr — dam olish kuni. 4 dekabr kuni esa Nodirbek Abdusattorov qora donalarda Firuzjaga qarshi bahs olib boradi.