Angliyadagi «London Chess Classic» turnirida bugun 6-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Unda ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov ketma-ket beshinchi g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Hamyurtimiz bu safar AQShlik Sem Shenklendga qarshi qora donalarda o‘ynadi. Bahsning mittelshpil qismida vaziyat teng edi. Ammo Nodirbek raqibning mudofaasiga ochilib qolgan Shohi tomon hujum tashkil etgan edi, 27-yurishda raqib Rux bilan noaniq yurishni amalga oshirdi. Abdusattorov yuzaga kelgan ustunlikni qo‘ldan chiqarmadi. 36-yurishga kelib raqib mot bo‘lishi uchun bitta yurish qoldi. Shu pallada Sem o‘z mag‘lubiyatini tan oldi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng Nodirbek 5,5 ochko bilan peshqadamlikni yanada mustahkamladi. Ikkinchi o‘rindagi Alirizo Firuzja bugun ham durang o‘ynadi va o‘zbek sportchisidan 1,5 ochko ortda qolmoqda.
Nodirbek Abdusattorov 7-tur doirasida Lyuk MakSHeyn (Angliya)ga qarshi oq donalarda o‘ynaydi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 21:00 da start oladi.