2021-2022 yillar davomida liftlar bilan bog‘liq jami 4 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan va natijada 5 nafar fuqaro hayotdan bevaqt ko‘z yumgan. Xo‘sh, liftlardagi xavfsizlik, ularni tekshiruvdan o‘tkazib turish uchun kimlar mas’ul? Xizmat muddati o‘tgan liftlarni kim almashtiradi? Lift o‘zi qancha muddat xizmat qiladi?
2021-2022 yillar davomida liftlar bilan bog‘liq jami 4 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan va natijada 5 nafar fuqaro hayotdan bevaqt ko‘z yumgan.
18 iyunda lift nosozligi sabab pastga qulab tushgan, 28 iyulda pochtachi ayolning jasadi liftdan topildi. So‘nggi vaqtlarda liftlar bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar tez-tez uchramoqda.
Xo‘sh, liftlardagi xavfsizlik, ularni tekshiruvdan o‘tkazib turish uchun kimlar mas’ul? Xizmat muddati o‘tgan liftlarni kim almashtiradi?
Quyida qonunchilikda belgilangan liftlar bilan bog‘liq ayrim normalar keltirilgan.
Liftdan kundalik foydalanishda nazoratni uning egasi olib borishi lozim.
Lift egasi deyilganda lift joylashgan binoning egasi tushuniladi. Ko‘p qavatli uy-joylarda esa uy-joyni boshqarish shirkatlari (xalq tilida “TSJ” “JEK”)lift uchun mas’ul hisoblanadi.
Uy-joyni boshqarish shirkatlari liftlarni har yili kamida bir marta texnik ko‘rikdan o‘tkazilishini ta’minlashi lozim.
Liftning pasportida uning xizmat muddati ko‘rsatilishi kerak, ya’ni liftdan necha yil foydalanish muddati. Agar lift pasportida bu muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, u 25 yil xizmat qiladi.
Bu davr mobaynida lift ishlab chiqaruvchi uning xavfsiz ishlashiga javobgar hisoblanadi.
Lift pasporti bo‘lmasa undan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi, lift pasporti o‘zbek tilida bo‘ladi, shuningdek, rus yoki ingliz tilida tarjimasi bo‘lishi mumkin.
Liftning xizmat muddati tugaganidan keyin undan foydalanish faqat Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi (avvalgi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi) ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Liftlarda yordam qo‘ng‘irog‘i tugmasi, havo almashinuvini ta’minlaydigan moslamalar (odam sig‘imiga mos ravishda), yoritish uskunalari bo‘lishi kerak. Shuningdek, liftda elektr o‘chib qolganda favqulodda yoritish moslamasi bo‘lishi shart.
Lift eshigi avtomatik yopilayotganda odamlarga shikast yetkazish xavfi minimallashtirilgan bo‘lishi lozim.
Yangi binolarga lift o‘rnatishda liftni o‘rnatgan tashkilot va pudratchi (quruvchi) uni tekshiradi va sinovdan o‘tkazadi. Tekshiruv va sinov ijobiy bo‘lsa dalolatnoma tuziladi hamda lift egasiga topshiriladi.
Lift egasi liftni qabul qilish bo‘yicha komissiya tashkil qilishi kerak va komissiyaga quyidagilar kiritiladi:
– lift egasi – komissiya raisi;
– buyurtmachi vakili;
– liftni o‘rnatgan tashkilot vakili;
– qurilish tashkiloti vakili;
– Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi inspektori.
Yangi qurilgan ko‘p kvartirali uy-joyni boshqarish dastlabki ikki yilda quruvchi tomonidan amalga oshiriladi. Shunga ko‘ra, bunda uy-joylarda liftni dastlab qabul qilib oluvchi ham quruvchi bo‘ladi.
Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi holati bo‘yicha davlat nazoratini olib boradi.
Uy-joyni boshqarish shirkatlari ko‘p kvartirali uylarda avariyalarni bartaraf etadigan, 24 soat ishlaydigan avariya-dispetcherlik xizmatini tashkil etishi lozim.
Bunda, lift bilan bog‘liq muammolar vujudga kelganda lift kabinalarida o‘rnatilgan aloqa vositalari orqali avariya-dispetcherlik xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib yordam olish imkoni bo‘lishi kerak.
Hukumat qarori bilan 2021-2027 yillarda ko‘p kvartirali uylardagi lift uskunalarini ta’mirlash va yangilash dasturi tasdiqlangan.
Dastur doirasida jami 3 562 ta liftni ta’mirlash va almashtirish belgilangan hamda bu maqsad uchun 665 mlrd 20 mln so‘m pul ajratilgan. 2023 yilda 532 ta lift ta’mirlanishi va yangisiga almashtirilishi kerak, ularning 452 tasi Toshkent shahrida.
Dasturni amalga oshirish uchun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (avvalgi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi), Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mas’ul.