Xabarlarga ko‘ra, Latviya havo hududida Rossiya tomonidan uchib kelgan bir nechta dron qayd etildi. Milliy qurolli kuchlarning ma’lum qilishicha, ulardan ikkitasi qulab tushgan.
Dronlardan biri Rezeknedagi neft mahsulotlarini saqlash ob’ekti hududiga tushgan. Dron bo‘sh turgan neft rezervuariga kelib urilgan. Voqea joyiga yetib kelgan o‘t o‘chiruvchilar ochiq yonish holatini aniqlamagan. Ikkinchi dron qulagan joyni qidirish ishlari hamon davom etmoqda.
7 may kechasi havo hududiga ehtimoliy tahdid haqidagi xabarni Rezekne shahri, shuningdek, Rezekne, Balvi va Ludza o‘lkalari aholisi olgan. Mahalliy ta’lim muassasalari esa darslar bekor qilingani yoki onlayn formatga o‘tkazilgani haqida xabar berdi.
Latviya havo hududiga oxirgi marta ehtimoliy tahdid 3 mayga o‘tar kechasi e’lon qilingan edi. O‘shanda bu holat Ukraina dronlarining Rossiya neft terminallariga uyushtirgan hujumi bilan bog‘liq bo‘lgan.