Janubiy Koreya razvedkasi Shimoliy Koreya qo‘shinlari Kursk viloyatidagi janglarda qatnasha boshlaganini tasdiqladi.
Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati KXDR qo‘shinlari Kursk viloyatida Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda qatnasha boshlaganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Reuters.
Bu haqda avvalroq Ukraina rahbarlari va AQSh Davlat departamenti bayonot bergan edi.
«Milliy razvedka xizmati Rossiyaga yuborilgan Shimoliy Koreya qo‘shinlari oxirgi ikki hafta ichida Kursk viloyatiga joylashganini baholamoqda», — deyiladi agentlik xabarida.
Ular frontga joylashishni tugatdi va allaqachon jangovar harakatlarda qatnashmoqda, deya qo‘shimcha qildi Janubiy Koreya razvedkasi.
Moskva va Pxenyan Shimoliy Koreya qo‘shinlarining Ukrainadagi urushda ishtirok etishini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tasdiqlamadi, biroq ikki davlat o‘rtasidagi ratifikasiyasi so‘nggi kunlarda yakunlangan strategik sheriklik kelishuviga ishora qildi.
KXDRning Rossiyadagi askarlari soni 12 ming kishi atrofida baholanmoqda.