1,5 million nafar inson ishtirok etgan yirik tadqiqot natijalariga ko‘ra, kuniga atigi bir banka shakarli gazlangan ichimlik, jumladan kola iste’mol qilish salomatlik uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Olimlar aniqlashicha, har kuni bir banka kola ichadigan odamlarda jigar saratoni rivojlanish xavfi qariyb 50 foizga yuqori bo‘ladi.
Bundan tashqari, tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘t yo‘llari saratoni xavfi deyarli ikki baravarga (qariyb 100 foizga) oshadi. Ushbu kasallik nisbatan kam uchrasa-da, eng xavfli onkologik xastaliklardan biri hisoblanadi.
Mutaxassislar shakar miqdori yuqori bo‘lgan ichimliklarni muntazam iste’mol qilish semirish, qandli diabet, jigarning yog‘ bosishi va boshqa surunkali kasalliklar xavfini ham oshirishini ta’kidlamoqda.
Shifokorlar salomatlikni saqlash uchun gazlangan shirin ichimliklar o‘rniga suv, mineral suv yoki shakar qo‘shilmagan tabiiy ichimliklarni tanlashni tavsiya qilmoqda.