40 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Ukraina urushida Rossiya tomonida turib qurolli janglarda ishtirok etgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi.
Joriy yil 24 sentyabr kuni JIB G‘allaorol tuman sudida ko‘rib chiqilgan mazkur «ish»da aniqlanishicha, Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi va 227-moddasi 2- qismi «a» bandi bilan ayblangan B.M. ishlab pul topish maqsadida 2023 yilning may oyida Rossiyaga borgan. U yerda turli mavsumiy ishlarda ishlab kelib, RF Samara viloyati Tolyatti tumanidagi harbiy qismda Ukraina urushiga borish haqidagi shartnomani tuzgan va 2023 yil 10 iyundan 2024 yil 11 iyunga qadar oddiy askar unvonida RF tomonidan Ukrainaning vaqtincha bosib olingan Lugansk va Donesk viloyatlari hududidagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan.
Shundan so‘ng, B.M. harbiy harakatlardagi ishtirokini yashirish maqsadida Jizzax viloyati Baxmal tumani IIB tomonidan berilgan «qizil pasport»ini qasddan yirtib tashlagan va ichki ishlar organlari hamda O‘zbekistonning xorijdagi konsullik va elchixona muassasalariga fuqarolikdan chiqish bo‘yicha murojaat qilmasdan, RF fuqaroligini olgan.
Sud tergovida ma’lum bo‘lishicha, B.M. 2024 yil 12 iyuldan 2025 yil 9 fevral kuniga qadar Moskvada qurilish ishlarida ishlagan, biroq qurilish ishlari yaxshi bo‘lmaganligi sababli yana 2025 yil 10 fevral kuni RF MV bilan qayta shartnoma tuzgan.
2025 yil 20 mart kuni esa tishi og‘rib, Moskva shahridagi harbiy gospitalga borgan va u yerda 18 aprelga qadar davolangan. Shundan so‘ng O‘zbekistonga qaytishni maqsad qilib, 19 aprel kuni Moskva-Samarqand yo‘nalishida aviachipta xarid qilib, ertasi kuni Samarqandga yetib kelgan. Shundan so‘ng uni huquqni muhofaza qilish xodimlari ushlagan.
Sud B.M.ni Jinoyat kodeksining yuqorida ko‘rsatilgan moddalari bo‘yicha aybdor deb topdi va JKning 57-moddasini qo‘llab, 3 (uch) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Ma’lumot uchun, B.M. O‘zbekistondagi harbiy xizmatni o‘tab, 2010-2018 yillarda bir nechta harbiy qismlarda ishlab kelgan.