Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Kun.uz muharriri Ortiqxo‘jayev bilan bog‘liq ba’zi tafsilotlarni ochiqladi

Kun.uz muharriri Ortiqxo‘jayev bilan bog‘liq ba’zi tafsilotlarni ochiqladi

Kun.uz muharriri va maxsus muxbiri Shuhrat Shokirjonov Feysbukdagi sahifasida Kun.uz va Ortiqxo‘jayev mojarosi borasida ba’zi tafsilotlarni ochiqladi va ijtimoiy tarmoqdagi ayrim mulohazalarga munosabat bildirdi:

"To‘g‘ri tushuninglar, men ham tushkun kayfiyatdaman.

Osmon — uzoq, yer — qattiq…

Lekin tahririyatdan arazlab ketgan bolalarning ishini oqlamayman. Ular hech joyda bunaqa ahil jamoa topolmasligi aniq.

Kun.uz’ga chiqish eshiklari ko‘rsatilgani yo‘q. Shunchaki Ortiqxo‘jayevni tinch qo‘yinglar, deyildi. Bo‘ldi. Hech qanaqa pul yoki boshqa manfaat rol o‘ynagani yo‘q.

O‘zi bu mojaro ham bir bechora quruvchining hokimlik tomonidan berilmagan puli masalasini Kun.uz jurnalistlari o‘rganishi bilan boshlangan.

Olmazor tuman hokimligi o‘shanda kam ta’minlanganlar uchun ko‘p qavatli uylar qurgan quruvchining 800 million so‘m (100 ming dollar) pulini bermay kelayotgan edi.

Shu masalani surishtirib borgan jurnalist R.Isroilov va tasvirchi SH.Egamberdiyevga Olmazor tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurasul Vahabov tashlangan.

Tajovuz tasviri e’lon qilingach, Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayev Kun.uz muxbirlarini murosaga keltirish uchun chaqirgan. Muxbirlarga yaxshi gapirib, «kelishib olinglar, tushunmovchilik bo‘libdi» deb zamhokimdan kechirim so‘ranglar, degan. Hokimning istagiga ko‘ra, jurnalistlar zamhokimdan yetkazilgan noqulaylik uchun kechirim so‘rashlari kerak bo‘lgan. Bu kechirim so‘rash marosimi videotasvirga olinib, shahar hokimligi kanalida e’lon qilinishi mo‘ljallangan.

Jurnalistlar buni rad etgach, shahar hokimi kelib, hammaga ma’lumu mashhur tahdidlarini bayon qilgan. To‘g‘ri, oxirida «lekin men bu ishlarni qilmayman, men bunaqa past odammasman», ham degan. Tarqalgan «zapis»da bu joyi kesib tashlangan. Oxirida «kelishib, bir birimizga yordam berib ishlaylik», degan.

Jurnalistlar rozi bo‘lmagach, ular ketganidan so‘ng A.Vahabov tayyor turgan kameralar qarshisida hokimlik matbuot xizmatiga o‘sha mashhur 1 gektar yer va ko‘p miqdordagi pora haqidagi tuhmatini aytib, intervyusini bergan. O‘sha intervyuda 100 ming dollarni esa quruvchi xayriya qilganini aytib o‘tgan. Quruvchi pulini oldimi-yo‘qmi buyog‘idan bexabar ham qoldik.

Tuhmat borasida prokuraturaga murojaat qilinganida «jinoyat alomatlari yo‘q», degan tamg‘a bilan ikki marta ish yopildi.

Endi vijdonan ayting: qandaydir «zamhokimcha»ga qonuniy chora ko‘rolmagan prokuratura organlari O‘zbekistonning №3-raqamli amaldori Toshkent shahar hokimiga chora ko‘ra olarmidi?

Toshkent shahar hokimi bilan shu insedent bo‘yicha murosa qilindi. Lekin ich-ichimizdan baribir bunaqa hollarga murosasizmiz. Chunki hokimda qilgan ishidan zarracha pushaymonlik tuyg‘usi yo‘q, uzr so‘rashniku o‘ziga mutlaqo ep ko‘rmadi. Allohning o‘zi surobini to‘g‘rilamasa, bandalarining kuchi yetmaskan.

Nachora, bu ishda Kun.uzning yutqazishi boshdan aniq edi. Shu sababli audioyozuv tahririyat tomonidan sir saqlanib kelayotgan edi. Uning kimdir tomonidan olinib, tarqatilishi barchamizning — xalqning, erkin matbuotning, erkin fikr bildirishning zarariga ishladi. Haq gapni aytib, qonuniy haqqini talab qilgan jurnalistlardan ko‘ra, mamlakat imijiga salbiy ta’sir o‘tkazadigan gaplarni aytgan chinovnikning tarafi olindi. Tushkunligim sababi shu.

Xalqni ham tushunib turibmiz. Popkornlarni g‘amlab, jangni kattasi boshlandi, mazza qilib tomosha qilamiz, deb turishganda Tayson 6 sekundda nokaut qilib qo‘yib, og‘zidagini ham chaynashga ulgurmay qoldi ko‘pchilik... Shundan jahllanishdi.

Buyog‘iga endi mana shunday rahbarlar qo‘l ostida yashaymiz, chidaysizlar… Bu tahdidlar va so‘kinishlar o‘zbekona boshqaruv etikasining bir qismiga aylanib ulguribdi.

Kun.uz esa navbatdagi «ramka» chegarasiga boshini daranglatib urib olguncha ishlashda davom etaveradi. Qandaydir masalada kimgadir yordamimiz tegsa bizdan xursand odam bo‘lmaydi. Hamma dilxiraliklarni unutib yuboramiz...

P.S. Da’fatan rahmatli Mirabror Usmonov yodga tushdi. U ham jurnalistlarni TV orqali koyib, tahdid qilib yuborganidan so‘ng, ancha vaqt vijdoni qiynalgan... baribir kabinetiga chiqarib, uzr so‘ragan edi. "Biz sizdan xafa bo‘lganimiz yo‘q, otaning o‘z farzandini koyishidek qabul qilganmiz", degan Qahramon Aslanov... Juda xursand bo‘luvdi...

Unaqa jo‘mard rahbarlarni tushingda ko‘rasan endi O‘zbekistonim!"

Kiritildi: 10:44 19.11.2019. O'qildi: 4883 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!