Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel AQSh rasmiylarining mamlakatga yonilg‘i yetkazib beruvchilarga qarshi sanksiyalar joriy etuvchi yangi farmonini axloqsiz, noqonuniy va jinoiy deb atadi.
Bu haqda Dias-Kanel o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur hujjat Kubaga yonilg‘i sotishni xohlaydigan har qanday uchinchi tomonga tahdid soladi.
«Kubaga yonilg‘i sotishni istagan uchinchi tomonlarni ta’qib qiluvchi va ularga tahdid soluvchi ijro etuvchi farmon axloqsiz, noqonuniy va jinoiydir», — deb bayonot berdi Kuba yetakchisi.
Dias-Kanel Kuba xalqini jamoaviy jazolash genosid harakati ekanligini va xalqaro tashkilotlar tomonidan qoralanishi, uning tashabbuskorlari esa javobgarlikka tortilishi shartligini alohida ta’kidladi.