Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida ko‘p yillardan buyon erta pishar tarvuz yetishtirish an’anasi davom etmoqda. Joriy mavsumda ham hududda tarvuz hosili odatdagidan erta pishib yetildi. Ayni kunlarda dalalardan yig‘ib olinayotgan mahsulotlar ichki bozorlarga yetkazib berilishi bilan bir qatorda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya davlatlariga eksport qilinmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil tumanda jami 20 ming gektar maydonda tarvuz ekinlari parvarish qilindi. Shundan 10 ming gektar maydonga “Dolbi” navli tarvuz ekilgan bo‘lib, ushbu nav suvsizlik va issiq iqlimga chidamliligi, yuqori hosildorligi hamda eksportbopligi bilan ajralib turadi. Bundan tashqari, “Dolbi” navining boshqa tarvuz turlariga nisbatan ancha erta pishishi dehqonlar uchun muhim ustunlik yaratmoqda.
Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan eksport jarayonlarini tezkor va qulay tashkil etish maqsadida mahsulotlarni bojxona rejimida rasmiylashtirishda yengilliklar yaratilmoqda. Shu bilan birga, tadbirkorlar va eksportyorlarga amaldagi tartib-qoidalar yuzasidan doimiy tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunga qadar Qashqadaryo viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotlar tomonidan 22 ming tonnadan ortiq tarvuz mahsuloti “eksport” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan.