Kuba hukumati AQSh tomonidan taklif qilingan 100 million dollarlik gumanitar yordamni muhokama qilishga tayyorligini bildirdi.
Bu haqda Kuba tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges Parrilya X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, Kuba hukumati samimiy va haqiqiy hamkorlik maqsadida taqdim etilgan xorijiy yordamni rad etish amaliyotiga ega emas.
«Biz taklif tafsilotlarini eshitishga va uning qanday amalga oshirilishini bilishga tayyormiz», — dedi vazir.
Bruno Rodriges Parrilya Kuba katolik cherkovi bilan uzoq yillik ijobiy hamkorlikka ega ekanini ham qayd etdi. U yordam siyosiy manipulyasiyalar va Kuba xalqi muammolaridan foydalanish vositasiga aylanmasligiga umid bildirdi.
Vazirning aytishicha, Vashington hozircha yordam pul shaklidami yoki tovar ko‘rinishidami taqdim etilishi, shuningdek, yoqilg‘i, oziq-ovqat va dori-darmonga bo‘lgan shoshilinch ehtiyojni qanchalik tez qondirishi haqida aniq ma’lumot bermagan.
Kuba tashqi ishlar vaziriga ko‘ra, AQSh birinchi marta yordam taklifini ochiq e’lon qilmoqda. Shu bilan birga, u Kubaga qarshi energetika va iqtisodiy blokadani bekor qilish Vashington tomonidan ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan eng katta yordam bo‘lishini ta’kidladi.